«Ko‘chib kelganimizdan beri shu ahvol!»: Andijon shahridagi yangi «dom»larning «toshayotgan» muammolari
2019 yilning mart oyi Andijon shahri Musayev ko‘chasida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilgandi. O‘sha ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi aholi vakillari sayt tahririyatiga uylar atrofidagi holat bo‘yicha juda ko‘plab surat va videolavhalar jo‘natishdi.
Murojaatda 28 dekabr kuni boshlangan ichimlik suv tizimi bilan bog‘liq avariya holati muammosi hal etilmayotganidan arz qilingan.
Aytilganicha bor ekan. 17-ko‘p qavatli uy oldidan o‘tkazilgan ichimlik suvi tizimi quvurlari yorilib suv toshib ketgan. 28 dekabr kunidan beri atrofdagi oltita ko‘p qavatli uy aholisi suv muammosi bilan yashamoqda.
«Shu uylarga o‘tgan yilning mart oyida ko‘chib kirganmiz. Ichimlik suvi tizimidagi muammolar sabab o‘shandan beri hech suvga yolchimadik. Suv quvurlarining eng sifatsizlarini yotqizishganmi bilmadik, tinimsiz kavlab ta'mirlashgani ta'mirlashgan.
28 dekabr kuni yana quvur yorilib, atrofga suv toshib ketdi. Yo‘laklar, yerto‘la suvga to‘ldi. Bayram kunlarini ichimlik suvisiz o‘tkazdik. Qachongacha bu holat davom etadi? Ta'mirlashni eplay olishmayapti. Toshmasligi uchun suvni o‘chirib ketishadi. «Suvoqova» xodimlari ketishiga fuqarolar suv tizimidagi katta uskunalarini burab ochishadi va yana yorilgan joyidan suv toshib chiqishni boshlaydi», deydi 17-uyda istiqomat qiluvchi Orzuxon Ibrohimova va Ra'noxon Rahimova.
Ular uy yerto‘lasida tashkil qilingan chevarchilik sexini ko‘rsatishdi. Tashqaridagi suv oqib kirib, 3 nafar ishchi ishlaydigan sex abgor holatga kelgan. Quvurdan suv oqib chiqaverganidan yo‘laklar ham cho‘kishni boshlagan. Tashqariga qo‘yilgan chiroqlar ham yonmay qo‘ygan.
17 va 19-uylardagi xonadonlarga kirdik. 33 va 42-xonadonlar ichidagi kanalizatsiya quvurlari sifatsiz tortilganidan shiftlaridan suv oqib ketgan. Deraza va romlar ham «Qo‘ldan ketguncha...» qabilida o‘rnatilgandek. Egalari rom va devor oraliqlariga paxta tiqib qo‘yishibdi.
19-uyning 20-xonadonida yashovchi Sevaraxon Rasulova muammolar bo‘yicha juda ko‘p joylarga murojaat qilibdi.
«Ko‘chib kelganimizga olti oy bo‘ldi. Suv quvurlari ishlamaydi. Yozmagan joyimiz qolmadi. Suv quvurlari va uyning kanalizatsiya tizimini tortgan quruvchilarning ishi o‘ta sifatsiz bo‘lgan. Shahar «Suvoqova» tashkilotiga rahmat. Ular o‘sha quruvchilarning kamchiliklarini to‘g‘rilab ketishyapti. Ichimlik suvi muammosi bo‘yicha quruvchilarning o‘ziga ham juda ko‘p bor murojaat qildim. Meni tanib ham qolishgan. Lekin samara yo‘q.
Deraza romlarini o‘rnatishdagi, kanalizatsiya montajidagi kamchiliklarni aytaverib o‘zimiz ham xijolatmiz. Axir bu uylarni peshona terimiz bilan topgan pulimizga olganmiz. Hali, yana 15 yil to‘laymiz. Jami uy narxi 300 million so‘mdan oshadi. Bizga ichimlik suvi muammosini hal qilib berishsin, boshqa kamchiliklarni o‘zimiz hal qilib olamiz», deydi Sevaraxon Rasulova.
Bu orada muammoli joyga ko‘p qavatli uylarni qurib foydalanishga topshirgan «Hoqon qurilish» jamiyati va ichimlik suvi tizimini tortgan «Kamolot bahori» korxonasi vakillari ham yetib kelishdi.
«Biz uylarni o‘tgan yilning mart oyida foydalanishga topshirganmiz. Paydo bo‘layotgan kamchiliklarni kelib tuzatib ketyapmiz. Hozir ham santexniklarni chaqirdik. Kelib ishlarni bajarishadi», deydi «Hoqon qurilish» MChJ qurilish tashkiloti ish yurituvchisi Sardorbek Jalilov.
«Suvoqova» mutaxassislari esa quruvchilar tomonidan 7 qavatli uyning yuqori qavatlariga suv bosim ostida chiqishi uchun katta hajmdagi sifatli suv quvurlari tortilmagani uchun muammolar paydo bo‘layotganini bildirishdi.
Uylarga ichimlik suvi tizimini tortib olib kelish bilan shug‘ullangan «Kamolot bahori» qurilish tashkiloti rahbari Avazbek Yuldashev bilan ham suhbatlashdik. Quruvchi o‘zlariga berilgan ishni oxiriga yetkazib topshirganini aytdi.
«Bu oddiy avariya holati. Hozir bir-ikki soatda bitiramiz», deydi u.
Masalani o‘rganib qaytayotganimizda murojaatchi ayollardan biri, «O‘tgan oy ham arz qilganimizda jurnalistlar kelib tasvirga olishdi. So‘ng nima bo‘ldi bilmadik, efirga chiqarishmadi. Sizlar ham dardimizni eshitib, suratga olib, «katta»lar aralashsa, saytingizga chiqarmay qo‘ymaysizlarmi?», deya zorlandi.
O‘sha kuni yana murojaatchilar bilan bog‘landik. Ular muammo hal bo‘lmaganini aytib, mutasaddilar barcha quvurlarni almashtirishga uch kun muhlat so‘rashganini bildirishdi.
«Uch kun ham o‘tib ketadi. Ishqilib suvimiz masalasi hal bo‘lsin», dedi Ra'noxon Rahimova.
Aslida nosozlik yozda boshlangan. Namunali uylarni Navro‘z bayramiga topshirishga shoshilgan quruvchilar ishni sifatli bajarishni o‘ylashganda aholi bugun aziyat chekmagan bo‘lar edi.
Mavzuga yana qaytamiz.
Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov
Mavzuga oid
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
11:52 / 02.11.2024