O‘zbekiston | 20:18 / 07.01.2020
6847
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tashkilot va korxonalari suvning necha foizini ishlatadi? Raqamlar ma'lum qilindi

Bugungi kunda suv sarfi qanday? Zaxiramiz qancha? Umuman, suvni eng ko‘p sarf qiluvchi mamlakatlar 10taligida tursak kerak?! Bizda jismoniy shaxslar ko‘p suv iste'mol qiladimi yoki yuridik shaxslar? Xalqaro Press-klubda bo‘lib navbatdagi sessiyada yuqoridagi savollarga javob berildi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev

«Bugungi kunda respublikaning umumiy suv zahirasi 51 mln km3 bo‘lib, shundan 94 foizini yuridik shaxslar, ya'ni turli tashkilot va sanoat korxonalar, qishloq xo‘jaligida faoliyat yurituvchilar, baliq yetishtiruvchilar ishlatadi. 5,5 foizi toza ichimlik suv zaxirasi hisoblanadi, yillik loyihalashtirishga ruxsat berilgan zaxiramiz 7 mln km3.ni tashkil etsa, bir yildagi umumiy zaxiramiz 14 mln km3.dir», - dedi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev.

 «Respublika bo‘ylab 13 mingdan oshiq quduqlar mavjud bo‘lib, aholi toza ichimlik suvini ayni quduqlardan oladi», - deya oydinlik kiritdi vazirlikning Yagona suv balansini shakllantirish va monitoring qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Tohir Haydarov. 

Foto: Xalqaro Press-klub

«2017 yilda vazirlik o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yganida aholining toza ichimlik suv bilan ta'minlanish darajasi 64 foiz bo‘lgan. Umuman, 2004 yilda vazirlik tugatilgach, 2017 yilgacha aholini ichimlik suvini ta'minlash vazifasini markazlashgan tarzda boshqarish tizimi bo‘lmagan. Respublika bo‘yicha 33,0 mln aholidan 22,4 mln aholi (69,5%) markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlangan bo‘lib, 2019 yil davomida ushbu ko‘rsatkichni yana 1,7 foizga oshirishga erishildi», - deya qayd etdi vazir. 

Uning alohida ta'kidlashicha, 2018-2019 yillarda aholini markazlashgan ravishda toza ichimlik suvi bilan ta'minlash ishlariga respublika budjetidan jami 2,5 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu so‘nggi 10 yilda ajratilgan mablag‘dan ham ko‘pdir.  

Mavzuga oid