O‘zbekiston | 22:50 / 07.01.2020
15973
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda noqonuniy tungi poyga o‘tkazganlarga chora ko‘rildi

Telegram messenjeridagi turli ko‘ngilochar kanallarda Samarqand shahrining ko‘chalaridan birida tungi vaqtda ikki VAZ-2101 rusumli avtomobillar ishtirokidagi noqonuniy poyga musobaqasi videotasvirlari tarqatilgan.

Ushbu videorolikdagi holat yuzasidan Samarqand viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma'sul xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida mazkur holatda harakatlangan transport vositalari, ularning egalari va ularni boshqargan shaxslar aniqlangan.

Samarqand viloyat IIB YHXBning Kun.uz’ga holat yuzasidan taqdim etilgan ma'lumotnomasiga ko‘ra:

– 1991 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahridagi «Galaosiyo» MFYda yashovchi fuqaro Sh.S.ga tegishli bo‘lgan olcharang «VAZ-210130» rusumli transport vositasini 1992 yilda tug‘ilgan, transport vositalarini ta'mirlash bilan shug‘ullanuvchi, Samarqand shahar «Humo» MFYda yashovchi X.S. tegishli hujjatlarga ega bo‘lmasdan turib boshqargani,

Foto: Samarqand viloyat IIB YHXB

– ikkinchi transport vositasi 1992 yilda tug‘ilgan, Jomboy shahrida yashovchi, payvandchilik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro B.A.ga tegishli ekani va u tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan davlat oq rangli «VAZ-2101» rusumli transport vositalari ishtirokida 2019 yil 24 dekabr kuni soat taxminan 23:45larda transport vositasini ta'mirlab bo‘lganidan so‘ng sinab ko‘rish maqsadida poyga uyushtirgani va bu bilan jamoat tartibini hamda fuqarolarning tinchini buzib, mayda bezorilik harakatlarini sodir qilgani ma'lum bo‘lgan.

Foto: Samarqand viloyat IIB YHXB

6 yanvar kuni Sh.S.ga nisbatan MJtKning 135-moddasi 2-qismi bilan, X.S.ga nisbatan MJtKning 128-5-moddasi 2-qismi, 135-moddasi 2-qismi va 125-moddasi 5-qismi bilan hamda B.A.ga nisbatan MJtKning 125-moddasi 5-qismi, 128-5-moddasi 2-qismi bilan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

«Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, tegishli hujjatlar ma'muriy sudga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.

Ushbu holat yakuni hamda sud idoralari tomonidan qabul qilingan qaror to‘g‘risida qo‘shimcha ravishda axborot beriladi», — deyiladi Samarqand viloyat IIB YHXB matbuot xizmatining Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotnomasida.

Mavzuga oid