O‘zbekiston | 10:29 / 07.01.2020
3809
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda radioterapiya va pozitron-emissionli tomografiya markazi tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Radioterapiya va pozitron-emissionli tomografiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligining chet el investitsiyasi ishtirokida “Tek grup saglik hizmetleri” MChJning Toshkent shahrida radioterapiya va pozitron-emissionli tomografiya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda “Tek grup saglik hizmetleri"’ MChJga investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar belgilangan holda markazni qurish uchun Toshkent shahar, Olmazor tumani, Shifokorlar ko‘chasi, 2-uyda joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasining Ko‘p tarmoqli klinikasiga tegishli yer uchastkasining N 34 (geoma'lumot nuqta) hududidan doimiy foydalanish uchun 0,60 ga yer uchastkasi ajratilishini ta'minlaydi.

Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda belgilangan tartibda zarur bo‘lgan kommunikatsiya tarmoqlari yo‘nalishi va joylashishini o‘zgartirish hamda ajratilgan yer uchastkasi chegarasiga qadar yetkazib berish choralarini ko‘radi.

“Tek grup saglik hizmetleri” MChJ:

markazni qurish hamda jihozlash ishlari uchun 7,5 mln. AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘larini jalb etish;

markazni bir yil muddatda foydalanishga topshirish hamda 20 tadan kam bo‘lmagan ish o‘rnini yaratish;

radioterapiya va pozitron-emissionli tomografiya yo‘nalishida 2020 yil davomida 5 nafar tibbiyot xodimini o‘z hisobidan chet davlatlarga malaka oshirish kurslariga o‘qishga yuborish;

markaz tashkil etilgandan 8 yil davomida onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning (imtiyozli toifadagi shaxslar) uch nafariga har oyda to‘la ravishda radioterapiya usulida davolash hamda uch nafar bemorni pozitron-emissionli tomografiya tekshiruvidan bepul o‘tkazish bo‘yicha investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni olgan.

Belgilanishicha, “Tek grup saglik hizmetleri” MChJ tomonidan olingan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq uning xarajatlari qoplanmagan holda bekor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi markaz ishga tushishidan avval chet el investitsiyasi ishtirokidagi “Tek grup saglik hizmetleri” MChJ bilan amal qilish muddati 8 yil bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni bepul radioterapiya bo‘yicha davolash va pozitron-emissionli tomografiya tekshiruvidan o‘tkazish tartibi va hajmini belgilovchi shartnoma imzolanishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid