O‘zbekiston | 11:58 / 11.01.2020
4374
2 daqiqa o‘qiladi

Innovatsiya vazirligi Xitoy bilan hamkorlikda sun'iy yo‘ldosh texnologiyalarini joriy qiladi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Buyuk safar” Xitoy xalqaro aerokosmik savdo kompaniyasi (ALIT — Aerospace Long-March International Trade Co. Ltd) prezidenti Jao Junchao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Vazirlik xabariga ko‘ra, tomonlar kosmos, boshqaruvchisiz uchuvchi apparatlar, mudofaa sanoati kompleksi sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv doirasida kosmik hamda sun'iy aloqa texnologiyalarini o‘rganish va rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, O‘zbekistondagi soha mutaxassislari uchun Xitoy Xalq Respublikasida stajirovka va treninglar tashkillashtiriladi. Mahalliy vazirlik va idoralar ishtirokida sun'iy yo‘ldosh texnologiyalari sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan.

ALIT Xitoy aerokosmik ilm-fan va texnika korporatsiyasi (CASC)ning ixtisoslashtirilgan kompaniyasi bo‘lib, u aerokosmik sohasining mahsulotlari hamda xizmatlarini import-eksport qilish, o‘z aloqa yo‘ldoshi negizida milliy aloqa yo‘ldoshi tizimlarini yaratish uchun mas'uldir.

CASC Fortune Global 500 ro‘yxatidagi kompaniyalardan biri bo‘lib, 1999 yilda tashkil topgan. Uning 2018 yildagi aylanmasi 36 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Ayni paytda, CASC Xitoyda sun'iy yo‘ldosh aloqasi bo‘yicha yagona operator hisoblanadi.

Mavzuga oid

E`lonlar