O‘zbekiston | 23:33 / 11.01.2020
46336
3 daqiqa o‘qiladi

Loyiha qiymati, investitsiya kiritayotgan «Poling group» va «Disney»cha attraksionlar – prezident borib ko‘rgan «Magic city» haqida

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Bu yerda «Magic city» (Sehrli shahar) nomli zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘i barpo etilmoqda. 

Tadbir davomida loyiha bosh menejyeri Bobur Tursunov madaniyat va istirohat bog‘i qurilishi bo‘yicha jurnalistlar savollariga javob qaytardi. 

Ikki bosqichli qurilish va dunyo standartlari

Bobur Tursunovga ko‘ra, madaniyat va istirohat bog‘i qurilishi ishlari ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. 

— «Magic city», o‘zbekcha aytganda, «Sehrli shahar» nomli loyihamizning birinchi bosqichida 9 gektar maydonda okeanarium, amfiteatr, kinoteatr, ko‘ngilochar o‘yingoh, ertaknamo qasr, musiqali favvora, avtomobillar turargohi quriladi. 

Bu yerda oilaviy kelib dam olish uchun barcha sharoitlar yaratiladi.

Ikkinchi bosqichda dunyo standartlaridan kelib chiqqan holda, 12 gektar hududda mavzuli park, bolalar uchun avtodrom va attraksionlar, akvapark bunyod etiladi. 

Bugun prezident loyiha bilan tanishish chog‘ida uni yanada boyitish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi. Jumladan, madaniyat va istirohat bog‘iga tashrif buyuruvchi mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida «Magic city» yaqinida mehmonxonalar qurish taklif qilindi.

Loyihaning umumiy qiymati haqida

Bosh menejyer savollarga javob qaytarar ekan, loyihaning umumiy qiymatiga ham aniqlik kiritdi.

— Loyihaning umumiy qiymati 60 mln dollarga baholangan. 

Bu yerda shuningdek, kafe va restoranlar, savdo do‘konlari tashkil qilinadi. Havo musaffoligini ta'minlash maqsadida kashtan, qarag‘ay, yapon soforasi, magnoliya, eman, qayin kabi daraxtlar ekiladi.

Istirohat bog‘i to‘liq modernizatsiya qilingach, bir kunda 10 ming kishigacha xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Bu aholining mazmunli hordiq chiqarishini ta'minlash bilan birga Toshkent shahrining turistik jozibadorligini ham oshiradi.

«Sehrli shahar»da ham dunyoga mashhur «Disney» va «Universal» parklarida bo‘lgani kabi barcha attraksionlar bo‘ladi.

«Magic city»ga investitsiya qaysi davlatdan kiritilmoqda?

Jurnalistlar okeanarium qurilishiga qaysi davlatdan investitsiya kiritilayotgani bilan ham qiziqishdi.

«Madaniyat va istirohat bog‘i qurilishi uchun investitsiya Turkiyaning mashhur «Poling group» kompaniyasi tomonidan kiritilmoqda. 

Bu okeanarium Mustaqil davlatlar hamdo‘stligida yagona hisoblanadi. 

Shuningdek, loyihaning birinchi bosqichi 2020 yilning 1 sentabr kuni, ikkinchi bosqichi esa 2021 yil sentabr oyida foydalanishga topshiriladi», —deya loyiha bosh menejyeri Bobur Tursunov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid