Jamiyat | 17:19 / 17.01.2020
36791
3 daqiqa o‘qiladi

IIBB toshkentlik yo‘l harakati noziri to‘g‘risida batafsil ma'lumot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi, “budyonniycha mo‘ylov qo‘ygan” toshkentlik yo‘l harakati noziri, starshina Sodiq Qosimovning surati e'lon qilindi.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, xushmuomala, xushchaqchaq bu insonning fotosurati 1966 yilda "Ogonyok" jurnalining muqovasida bosilgan. Suratkash Lev Nikolayevich Sherstennikov S. Qosimovning kayfiyatini, odamlarga va o‘z kasbiga bo‘lgan munosabatini surat orqali aks ettira oldi. Odamlar u haqida mashinalar "quloq soladigan" boshqaruvchi deb gapirishardi: tayoqchani silkitishi bilan - mashinalar o‘ngga burilar, yana bir silkitish bilan - ular to‘xtab, yo‘lovchilarni o‘tkazib yuborardi.

Sodiq Qosimov – toshkentlik bo‘lib, hunarmandlar oilasida tug‘ilgan. Militsiyada xizmat boshlaganidan bir yil o‘tgach, to‘rt nafar jinoyatchini qo‘lga olishda qahramonlik ko‘rsatganligi uchun 7-militsiya bo‘limi militsioneri Qosimovga minnatdorchilik e'lon qilingan va rag‘batlantirish sifatida velosiped topshirilgan.

IIBBning qayd etishicha,ko‘pchilik starshina Qosimovni yo‘l harakatini boshqarish bo‘limi xodimi sifatida eslaydi - poytaxtliklar uni iste'dodli, o‘z ishining mohir ustasi deb bilishar, u haqida turli hikoyalar og‘izdan-og‘izga o‘tib keladi. Harakatlarining ravonligi, go‘zalligi va nafosati uchun odamlar uni "artist" deb atashgan va yoshu qari uning yo‘l harakatini boshqarishini kuzatish uchun kelgan.

U ko‘pincha "Yosh gvardiya" kinoteatri yonida hamda boshqa ko‘plab chorrahalarda xizmat olib borgan. Katta yoshli avlodning eslashicha, Qosimov o‘z ishiga sidqidildan yondashgan. Unga haydovchilar ham, piyodalar va hamkasblari ham hurmat bilan qaragan. Qosimov xizmat boshlaganining 25 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazilgan.

Starshina Qosimov uzoq yillik halol xizmati davomida bir necha bor davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan. U hech qachon hayfsan olmagan va rahbariyat tomonidan 83 marta rag‘batlantirish olgan. U orden va medallar (jumladan "Qizil bayroq" va "Qizil yulduz"), "Besh yillik zarbdori" unvonini olgan.

“Bugun, o‘nlab yillar o‘tsa ham, Sodiq Qosimovning xotirasi barhayot. Tarmoqdagi muhokamalarda o‘nlab odamlarning u haqdagi taassurot va xotiralarini o‘qish yoqimli ”, - deyiladi IIBB matbuot xizmati tomonidan.

Mavzuga oid