Jahon | 19:36 / 17.01.2020
9712
2 daqiqa o‘qiladi

Sheremetevo aeroportining yangi terminali o‘z ishini boshladi (foto)

17 yanvarda Moskvadagi Sheremetevo aeroportining yangi terminali - C1 ochildi. Terminalning ochilishida bir qator mansabdor shaxslar, jumladan Rosaviatsiya rahbari Aleksandr Neradko, Rossiya transport vaziri o‘rinbosari Aleksandr Yurchik, aeroport direktorlar kengashi raisi Aleksandr Ponomarenko va bosh direktori Mixail Vasilenko ishtirok etishgan.

Terminal “Aeroflot” aviakompaniyasining xalqaro reyslari uchun mo‘ljallangan. 

Ta'kidlanishicha, yangi terminalga “Aeroflot”ning Xelsinki-Moskva reysi yo‘lovchilari birinchi bo‘lib yetib kelishadi. Aviakompaniya bosh direktori Vitaliy Savelev ma'lum qilganidek, kompaniya sekin-asta yangi terminalga xalqaro reyslarini o‘tkazishni boshlaydi. Yil o‘rtasigacha u yerga 260 ta reysni o‘tkazish rejalashtirilgan.

C1 terminali Sheremetevo aeroportining 5-sonli terminali bo‘ldi. U B terminal bilan birlashgan bo‘lib, maydoni 127 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Terminal D, E va F terminallari bilan yer osti poyezdi bilan bog‘langan.

Terminalning bir yillik yo‘lovchi o‘tkazish quvvati 20 mln yo‘lovchini tashkil qiladi. Buning evaziga butun Sheremetevo aeroportining bir yillik yo‘lovchi o‘tkazish quvvati 80 mln kishigacha oshishi kutilmoqda.

S1 qurilishi 2017 yil apreldan olib borilgan. Terminalning qurilishi 6 qavatli avtoturargoh bilan birga 32 mlrd rublga aylangan.

Yangi terminalda 4 ta biznes-zal va bitta VIP-zal bor. Shuningdek, unda do‘konlar, restoran va kafelar, uxlash va hordiq chiqarish hamda kompyuterlarga ega ishchi hududlar mavjud.

2024 yilda Sheremetevoda S2 terminali qurilishi boshlanishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid