Jamiyat | 19:19 / 21.01.2020
31698
18 daqiqa o‘qiladi

«Ilm davlat budjetiga qarab qolsa, rivojlanish bo‘lmaydi» - Dilfuza Egamberdiyeva bilan suhbat

Ilm va olimlik mashaqqatli yo‘l. Bejiz uni nina bilan quduq qazishga tenglashmaydi. Kun.uz olimlar bilan suhbatlar loyihasi doirasida qishloq xo‘jalik fanlari doktori Dilfuza Egamberdiyeva bilan suhbat uyushtirdi.

Ko‘p yillar davomida ilmiy faoliyatini xorijiy ilmiy muassasalarda o‘tkazgan olima qishloq xo‘jaligida biologik o‘g‘itlarni keng joriy etish, uni rivojlantirishga oid tadqiqotlar olib boradi. O‘tgan yili «maqolalariga eng ko‘p iqtibos keltirilgan olima» sifatida «Scopus award - 2019» mukofoti bilan taqdirlangan.

Dilfuza Egamberdiyeva suhbat davomida qishloq xo‘jaligi sohasida qilinayotan va qilinishi zarur ishlar, taklif va tavsiyalar, shuningdek, ayol olima bo‘lish qiyinchiliklari, ilmdan hayot mazmunini qidirgan inson kechinmalari haqida gapirib o‘tdi.

— Ilm yo‘li judayam qiyin va mashaqqatli deyishadi. Siz buni tanlashingizda nima turtki bergan, kim sabab bo‘lgan?

Men hech qachon ilm yo‘lidan ketaman, deb orzu qilmaganman. Yoshligimda shifokor bo‘lishni orzu qilardim. O‘rta maktabni a'lo baholarga bitirib, taqdir taqozosi bilan O‘zbekiston Milliy universitetining Biologiya fakultetiga o‘qishga kirganman.

Universitetni tamomlagandan so‘ng O‘zFA Mikrobiologiya institutiga ishga kirdim va ilk bor ilmiy faoliyatimni boshladim. Lekin ilmiy tadqiqot institutda ishlasam-da, ilmni mantiqan tushunmasdim.

Mustaqillik yillarida bir necha hamkasblarim xorijda malaka oshirib kela boshlashdi va men ham 1998 yilda Germaniyaga aspiranturaga ketganman. U yerda menga nemis ayoli professor Gisela Hoflix rahbarlik qildi. U mehnatkash, qattiqqo‘l, talabchan ayol edi. Mana shu ayol menga ilm eshigini ochgan inson desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Menga bu ayol nafaqat ilmiy rahbar, balki hayot darsini ham o‘rgatgan, o‘zimga bo‘lgan ishonchni, hurmatni shakllantirgan inson ham deya olaman.

Menga aytgan gaplarini doim eslayman: «Hayotingni ko‘p qismi ishda o‘tadi, agar sen ilmga bir hobbi deb qarasang, bundan zavq ola bilsang, yashayotganingni his qilasan, mehnat qilayotganingni emas. Ilm orqali sen hayotda o‘zingni topishing mumkin, butun dunyoni tanishing mumkin — har tomonlama yetuk, dunyoqarashi keng bir inson bo‘lasan». Bu ayolning so‘zlari mening ilmiy faoliyatimdagi eng katta stimul bo‘lgan deya olaman.

— Nima sababdan qishloq xo‘jaligi sohasini tanlagansiz, sizni nimasi bilan qiziqtirgan?

Qishloq xo‘jaligi dunyoni boqadi, demakki, ozuqa manbayi. Insoniyatning sog‘ligi oziq-ovqat sifatiga juda bog‘liq, albatta. Aytib o‘tganimdek, shifokor bo‘lishni judayam xohlardim, ammo kasbimni o‘zgartirganim bilan, xohishim o‘zgarmagan. Bu sohada ham ekologik toza qishloq xo‘jalik mahsulotlari, ya'ni sabzavotlar, mevalar yetishtirish texnologiyasi va to‘g‘ri ovqatlanish kabi ilmiy ishlar bilan shug‘ullanishga qaror qilganman.

Bizga ma'lumki, bugungi kungacha ko‘p mamlakatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishda inson salomatligiga zararli bo‘lgan kimyoviy vositalar keng qo‘llaniladi. Bu esa o‘z-o‘zidan aholi o‘rtasida turli kasalliklarni ayniqsa saraton kasalligi ko‘payishiga olib kelmoqda.

Ayniqsa, dalalarda mehnat qiladigan aholi orasida kasalliklar ko‘p uchramoqda. Bundan tashqari, bunday kimyoviy vositalar atrof muhitni ifloslantirmoqda, hasharotlar turlarining yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bu o‘z-o‘zidan tabiatdagi muvozanatga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, albatta.

Shu sababli ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda kimyoviy vositalardan voz kechib, biologik toza o‘g‘itlarga qiziqish ortmoqda. Katta xalqaro kompaniyalar – Monsanto, Novozymes, Basf biologik o‘g‘itlar yaratishni yo‘lga qo‘ydi va ishlab chiqarmoqda.

Yevropa mamlakatlaridagi supermarketlarga ahamiyat bersak, bio mahsulotlar qimmatroq narxda sotiladi, chunki kimyoviy vositalardan foydalanilmagan. Butun dunyoda organik qishloq xo‘jaligi keng miqyosda rivojlanib bormoqda.

O‘zbekistonda bu soha deyarli rivojlanmagan va ko‘pgina fermer xo‘jaliklari biologik o‘g‘itlar haqida tushunchaga ega emas. Biz ham kimyoviy vositalardan foydalanishni kamaytirib, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishimiz juda zarur, bu esa o‘z-o‘zidan xalqimiz salomatligini kafolatlaydi. Shu sababli men qishloq xo‘jalik mahsulotlari etishtirishda biologik o‘g‘itlar va biopestitsidlar yaratishga judayam qiziqaman.

— Ayol olima bo‘lish juda qiyin deyishadi. Ayol-ona-olima – siz buni qanday uddalagansiz?

Ayol kishiga nafaqat ilmda, hamma sohada ham karera qilish oson emas. Chunki ayol, avvalo, uy bekasi, keyin esa ona. Bola tarbiyasi, kundalik yumushlar ayolning asosiy vaqtini oladi. Mana shu majburiyatlaridan vaqt orttirib ilm qilish esa juda katta sabr-toqat talab qiladi.

2005 yil, endi ilmiy kar'yeramni boshlagan vaqtlarda Avstriyaga ilmiy safar qilganman, u yerda bir necha tashkilotlar rahbari va Avstriyaning vazir o‘rinbosari ma'ruza qilgan edi. Bir jurnalist shunday savol bergan: «Siz ham ona, ham uy bekasi bo‘lib, qanday qilib bir necha tashkilotga rahbarlik qilasiz, davlat boshqaruvidasiz, shu bilan birga ilmda ham faoliyat olib borasiz?» deganda, «Katta sabr toqat bilan» deb javob bergandi. O‘sha ayolga juda havas qilgandim va ayol kishi sabr-matonati bilan juda katta qirralarga erishish mumkinligiga ishonganman.

Qo‘shimcha qilib shuni ham aytishim kerakki, ayol kishi ilmga yoki o‘zi sevgan kasbiga mehr qo‘yishi uni kundalik hayotdagi turli muammolar yoki atrofdagi noxushliklar, odamlar bilan salbiy munosabatlardan ancha saqlaydi.

Vaqtimni hech qachon behuda narsalarga sarflamayman, g‘iybatni, bekorchilikni yoqtirmayman. Inson har bir kunini mazmunli o‘tkazishi kerak, deb o‘ylayman. Aytishadiku, shunday yashaginki, yillar o‘tib o‘tmishingga nazar solganingda maroq bilan eslaydigan kunlar bo‘lsin.

Bosib o‘tgan yo‘lim judayam rang-barang, odamlarga havas qilib yashadim, hasad qilib emas. Menimcha, yillar davomida shakllangan o‘zimga ishonch, o‘z fikrimga ega bo‘lishim, oldimga qo‘ygan aniq maqsadlarim xalqaro darajada olima ayol bo‘lishimga olib kelgan.

Bolalar o‘qib emas, ko‘rib, his qilib o‘rganadi, deyishadi. Farzandlarim men bilan turli davlatlarda bo‘lishadi, xalqaro konferensiyalarda ma'ruzalarimda qatnashishadi, olimlar, do‘stlarim bilan muloqot qilishadi, hattoki laboratoriyalarda ham bo‘lishadi. Mana shu narsa ularda mustaqil fikrlashni, dunyo tanishini va ilmga qiziqishini orttirgan.

— BMTning oziq-ovqat xavfsizligi ekspertlar kengashi a'zosi sifatida, qishloq xo‘jaligimizda qanday texnologiyalar muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylaysiz?

BMTning oziq-ovqat xavfsizligi ekspertlar kengashidagi faoliyatimda Qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va oziq-ovqat ta'minotini yaxshilash bo‘yicha ishlar olib bordik. Har bir mintaqa uchun o‘zgacha texnologiyalar taklif etiladi.

Ma'lumki, Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilik, yerlarning sho‘rlanishi va harorat ko‘tarilishi muammolari mavjud. Shu bois qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda qurg‘oqchilikka, sho‘rga chidamli navlar yaratish; yerlarimiz holatini yahshilash uchun almashlab ekishni yo‘lga qo‘yish; o‘simlik kasalliklarini himoya qilishda biologik texnologiyalar yaratish; o‘simlik hosildorligini oshirishda biologik o‘g‘itlar yaratish texnologiyasini ishlab chiqish; kimyoviy vositalarni kamaytirib, organik qishloq xo‘jaligini shakllantirish kabi ishlar olib borilishi kerak.

Shu bilan birga, ozuqa sifatida iste'mol qilinadigan sabzavot ekinlar turlarini ko‘paytirish, iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda, o‘rmonchilikni rivojlantirish, ko‘proq daraxtlar ekish lozim. Eng asosiysi fermerlar bilimini oshirishimiz juda zarur.

— Siz qilayotgan ilmiy ishlarning jamiyatimizga qanday foydasi bor va muhimligi nimada?

Aytib o‘tganimdek, hozirgi vaqtda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda, o‘simliklar kasalliklariga qarshi qo‘llanilayotgan kimyoviy vositalar insonlar salomatligiga salbiy ta'sir etmoqda va turli kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Biz olib borayotgan ilmiy ishlarimizning asosiy maqsadi – qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda biologik o‘g‘itlar va biopestitsidlar yaratish. Bunday biologik o‘g‘itlar o‘simlikni turli kasalliklardan himoya qiladi, o‘sishini jadallashtiradi, shu bilan birga sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamliligini oshiradi.

Qishloq xo‘jaligida bunday biologik vositalar, avvalambor ekologik toza mahsulot etishtirishda va bo‘sh yerlarni qaytadan obodonlashtirishda katta ahamiyatga ega.

O‘zbekiston milliy universiteti, Biologiya fakultetida laboratoriyamiz mavjud, u yerda professor Qahramon Davranov rahbarligida ilmiy guruh ish olib boradi va u yerda yaratilgan biologik o‘g‘itlar turli viloyatlardagi fermer xo‘jaliklarida qo‘llanilmoqda.

2019 yil biz uchun judayam muhim yil bo‘ldi: Markaziy Osiyoda birinchi marta Xalqaro bio-o‘g‘itlar konferensiyasini o‘tkazdik, dunyoning turli mamlakatlaridan olimlar, xalqaro firmalar rahbarlari tashrif buyurishdi. Bir necha xalqaro firmalar bilan memorandumlar imzolandi.

Ilmiy faoliyatimga 20 yil bo‘lgan bo‘lsa, men doim orzu qilardim, mana shu ilmiy natijalarimni amaliyotga tatbiq qilish, jamiyatga foydasi tegishini judayam xohlardim. 2019 yilda biznes partnyorim Maqsud Saidov bilan birga O‘zbekistonda «Ecobiome R&D» firmasini ochdik, hamkorlarimiz hozirda ko‘paymoqda.

Ilm davlatning budjetiga qarab qolsa, unda rivojlanish bo‘lmaydi. Shuning uchun rivojlangan davlatlarda katta-katta firmalar daromadining 40 foizini ilmga yo‘naltiradi.

Firmamizning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda yetishtiriladigan barcha sabzavot, mevalar va dorivor o‘simliklarning kasalliklarini aniqlash va biologik himoya vositalarini yaratish, hosildorligini oshirish, shu bilan birga, bo‘sh yerlarni obodonlashtirishda innovatsion texnologiyalar yaratishdan iborat.

Bunday biologik o‘g‘itlar avvalambor ekologik toza mahsulotlar yetishtirishga, atrof-muhitni kimyoviy vositalar bilan ifloslanishining oldini olishga yordam beradi. Shu bilan birga, bo‘sh yer maydonlaridan oqilona foydalanib, eksport qilish mumkin bo‘lgan dorivor o‘simliklarni yetishtirishda katta ahamiyatga ega. Biz ko‘proq fermerlar bilan birga hamkorlikda ishlaymiz, kelajakda ularga yangi texnologiyalar bo‘yicha master kurslar, turli seminarlar o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.

— Bizda ilm-fanni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun yana nimalar qilinishi kerak, deb hisoblaysiz?

Biz qaysidir sohani rivojlantirar ekanmiz, dunyodagi eng ilg‘or davlatlar sistemasini o‘rganib chiqishimiz kerak. Davlatimizda ilm-fanni rivojlantirishda men avvalambor ilmiy daraja berishni to‘liq isloh qilish kerak, deb o‘ylayman. Masalan, ilm-fan rivojlangan davlatlarda ilmiy daraja universitetlar tomonidan beriladi, buning afzalliklari juda ko‘p: ilmiy ishlarni sifati yaxshilanadi, ortiqcha zaruriyati bo‘lmagan qog‘ozbozlikka barham beriladi, aspirant va doktorantlarni asosiy vaqti keraksiz 15-20ta bosqichlarni bajarishga emas, aksincha ilmiy izlanishga qaratiladi.

Aspirant, doktorant yoki yosh olimlarga eng muhimi – ularning o‘z ustida ishlashi uchun vaqt, ilmiy tadqiqotlari uchun mablag‘, ularga kuchli bilimga ega ilm yo‘lini to‘g‘ri ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlaydigan rahbar kerak. Mana shundagina ilmiy ishlarning sifati yaxshilanadi.

Oliy ta'lim muassasalarida ilmiy faoliyat olib boradigan o‘qituvchi yoki professorlarga ham, SCOPUS ro‘yxatiga kirgan jurnallarda maqola chop etish majburiyati emas, ularga avvalambor ilm bilan shug‘ullanishi uchun vaqt, laboratoriyalar, sharoitlar va mablag‘ kerak. Mana shu imkoniyatlar bo‘lsagina olimlar xalqaro darajada maqolalar chop eta olishadi.

Ikkinchi muhim nozik masala – tajribali kadrlar. Xorijda iqtidorli o‘zbek olimlari juda ko‘p, yoshlar ko‘p, ularga sharoitlar yaratib berilishi kerak, ularga imkoniyatlar berilishi kerak, o‘z dasturlari bilan vatanimiz ilm-faniga o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkin. Eng asosiysi, xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, bu esa o‘z o‘zidan ular tajriba orttirgan davlat bilan birga ishlash imkoniyatini beradi.

Yana bir muhim masala, bu oliy ta'lim muassasalarining xalqaro bo‘limlar faoliyatidir. Bu bo‘limga mutaxassislarni jalb qilish kerak, xalqaro fondlar, grantlar, stipendiyalar, xalqaro assotsiatsiyalar, tashkilotlar, ilmiy uyushmalar, xalqaro firmalar faoliyati bilan tanish va ular bilan hamkorlik o‘rnata oladigan mutaxassislar juda muhim.

— Ilmiy karerangizda eng og‘ir va quvonchli lahzalar nimalar bo‘lgan? Kelajak maqsadlaringiz nima va ularni qanday amalga oshirmoqchisiz?

Men judayam omadli, baxtli ayolman, deb o‘ylayman. Hayotimda mehribon ustozlar va haqiqiy do‘stlar uchradi. Ilmiy faoliyatim davomida 40dan ortiq mamlakatda bo‘ldim: Germaniya, Finlandiya, Angliya, Italiya, Gollandiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari universitetlarida ilmiy faoliyat olib bordim. Katta xalqaro loyihalarga kordinatorlik qildim.

Unutilmas kunlarim bo‘lgan, Fransiyada taqdim etilgan UNESCO L’OREAL «Olima ayol» mukofoti va Butunjahon Fanlar Akademiyasining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Argentinada taqdim etilgan mukofotlari hayotimda unutilmas kun bo‘lib qolgan. O‘zbekistondan ayol kishining ilmiy ishlari bilan dunyoga tanilishi bu, albatta, katta narsa.

Men juda ko‘p xalqaro mukofotlar olganman, ammo 2019 yil O‘zbekistonda taqdim etilgan «Scopus award - 2019» mukofoti men uchun o‘zgacha bo‘ldi, chunki vatanim meni ilmiy yutuqlarimni e'tirof etdi.

Eng og‘ir damlarimdan biri, farzandlarimni turli davlatlarda maktabini o‘zgartirishi bo‘lgan, chunki har safar til o‘rganishga majbur bo‘lishardi. Albatta, hayotdagi har bir qiyinchilik ortida xayr bor. Farzandlarim uchun bu qiyinchiliklar vaqt o‘tib juda katta yutuqqa aylandi. Hozirda ular nemis, ingliz, fin tillarida erkin gaplashishadi.

Ikkinchi asosiy qiyinchilik, bu ilmiy faoliyatimdagi qarama-qarshiliklar bo‘lgan. Mana shu bizdagi juda nozik masala, ilmda birdamlik yo‘q misoli. Biz bir narsani tushunishimiz kerak – kuch birlikda. Faqatgina do‘stlik, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash, hurmat qilish bilan ko‘p narsaga erisha olamiz va albatta jamiyatimizni ham rivojlantira olamiz.

Men shu bugungacha menga qarshi bo‘lgan odamlarni hech tushunmayman. Ammo aytganimdek, atrofimdagi gap-so‘zlarga mutlaqo ahamiyat bermayman, chunki vaqtim chegaralangan.

Masalaning boshqa tomoni ham bor. Hayotimizda bizni tanqid qiladigan odamlar yoki qarama-qarshiliklar bizni kuchli qiladi, yuksaklikka itaradi, ular bo‘lmaganda hayot oqimida ketgan bo‘lardi odam.

Har bir inson o‘ziga o‘xshash odamlarni atrofiga yig‘adi, degan gap haqiqatan rost. Atrofimdagi do‘stlarim, dunyoqarashi, fe'l-atvori menga juda o‘xshash, hattoki shogirdlarim ham. Odamlarga hasad emas, havas qilib yashash kerak, deb o‘ylayman. Men Yevropa davlatlari va Xitoyda ilmiy guruhlarda ishladim, ularda birga ishlash, o‘zaro hurmat, bir-birini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rish mumkin. Menimcha, mana shu olimlar orasidagi munosabat ularning ilmini xalqaro darajaga chiqarmoqda.

— Ilm yo‘lini tanlayotgan yosh olimalarga qanday maslahat berasiz?

Insonning toza qalbi, fikri va orzulari kelajak hayotini ta'minlaydi, deb o‘ylayman. Menga nemis rahbarim aytardi: judayam katta orzular qil, masalan, katta kompaniya prezidenti yoki davlat boshqaruvida vazir.

O‘shanda kulgandim: qanday qilib? Shunda aytgandilar: orzularing katta bo‘lsa, intilishing shunchalik kuchli bo‘ladi, u darajaga yetmassan, ammo hayot seni orzungni ma'lum bir darajasiga olib chiqadi. Yoshlarga, talabalarga aytadigan gapim: inson orzu qilgan narsalarga erishish mumkin, agar xohish, harakat bo‘lsa.

Ilm nina bilan quduq qazishdir, deyishadi. Haqiqatan ilmda mashaqqatlar juda ko‘p. Ularni yengish uchun esa katta sabr-toqat, matonat kerak. Yoshlar uchun eng zarur narsa bu to‘g‘ri rahbar tanlashdir, aytishadiku ustoz otangdan ulug‘ deb. Men shogirdlarimga aytaman, vaqtingizni bekorga ketgazmaslik kerak, chunki yillar o‘tib orqaga qaraganimizda, men mazmunli yashadim, jamiyatga foydam tekkan, o‘zimdan nimadir qoldirdim bu hayotga, deya olish kerak. Eng asosiysi, hayotimizda katta yutuqlarga erishishimizga yordam bergan ustozlarimizni unutmasligimiz kerak.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Mavzuga oid