O‘zbekiston | 15:22 / 21.01.2020
9138
2 daqiqa o‘qiladi

«Vazir jiddiy bosh qotirishi kerak» - O‘zbekistonda saraton va yurak qon-tomir kasalliklari ko‘rsatkichi ortib bormoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimidagi jiddiy muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

«Sog‘liqni saqlash sohasida oldimizda katta vazifalar turibdi. Jumladan, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 76 yoshga yetkazishni reja qilyapmiz, O‘zbekistonda hozir bu 74,6 yoshni tashkil qilmoqda. 

Shuningdek, go‘daklar o‘limini 1,5 barobarga kamaytirish, saraton kasalliklarini 65 foizga, yurak qon-tomir kasalliklarini 30 foizga tushirish ustida Sog‘liqni saqlash vaziri jiddiy bosh qotirib, bu borada parlamentga rejalari haqida gapirishi kerak.

Nega desangiz, saraton va yurak-qon tomir kasalliklari ko‘rsatkichi oshib boryapti», degan prezident.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida shuningdek, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga tizim uchun budjetdan katta mablag‘ ajratilayotgani, endi tizim ham bunga o‘z javobini berishi kerakligini ma'lum qilgan.

«O‘rtoq Shodmonov, siz savol berishdan avval o‘ylang, qanday og‘ir bo‘lmasin yo‘q pulimizni ham beryapmiz. Ahvolimiz juda og‘ir, lekin pul ajratyapmiz. Men tushunaman, hali ko‘p ishlashimiz kerak. Lekin shu pulniyam to‘g‘ri ishlatolmayapmiz», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid