O‘zbekiston | 13:33 / 22.01.2020
7631
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tartibi va shakllari belgilandi

Foto: Shutterstock

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
 
Norma’ning yozishicha, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tarkibiga o‘tkazilgan. U huquqlar, majburiyatlar va shartnomalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
 
Jamg‘arma - davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs, Agentlik va prezidentning 17.08.2017 yildagi PQ-3225-son qarori bilan tashkil etilgan Jamg‘armani boshqarish bo‘yicha kengashga hisobot beradi.
 
Quyidagi shakllarda moliyaviy yordam ko‘rsatish Jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

a) aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 50 foizigacha (50 foizi ham shu jumlaga kiradi), biroq BHMning 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafillik berish;

b) tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham shu jumlaga kiradi) miqdorda kafillik berish, biroq 8 mlrd so‘mdan ortiq emas;

v) tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foizli xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya berish, shu jumladan:

summasi 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan MBning qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foizli stavka bilan qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq bo‘lgan, biroq 5 foizli punktdan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha milliy valutada;

chekka va tog‘li tumanlarda, shuningdek, “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshiriladigan summasi 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan loyihalar uchun - 8 foizli punkt miqdorida qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravari miqdoridan ortiq bo‘lmagan foizli stavka bilan milliy valutada;

summasi 10 mlrd so‘mga teng miqdordan oshmaydigan xorijiy valutada - tijorat banklari tomonidan belgilangan foizli stavkaning 30 foizigacha miqdorda, biroq 3 foizli punktdan ortiq emas;

xorijiy valutada - issiqxonalar qurish, intensiv bog‘lar yaratish va sovitkichlar qurish uchun 2017 yil 5 sentyabrgacha xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari hisobiga xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ajratilgan valuta kreditlari bo‘yicha - belgilangan foizli stavkaning 50 foizi miqdorida.
 
Nizomda jamg‘arma kafilligi berilishini ko‘rib chiqishning shartlari va tartiboti, kompensatsiyani berish, to‘xtatib turish, to‘xtatish va qayta tiklash tartibi, shuningdek berilgan kafillik bo‘yicha majburiyatlarning Jamg‘arma tomonidan ijro etilishi tartibi belgilangan.
 
Tarkibi prezident tomonidan tasdiqlanadigan Jamg‘armani boshqarish bo‘yicha kengash – Jamg‘armani boshqarishning oliy organi. Tuzilmasi davlat rahbari tomonidan tasdiqlanadigan Ijro etuvchi direksiya Jamg‘armaning ijro etuvchi organi hisoblanadi.
 
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijrochi direktor Ijro etuvchi direksiyaning rahbari hisoblanadi. U bir paytning o‘zida Agentlik direktorining o‘rinbosari hisoblanadi. Ijrochi direktor Agentlik direktori bilan kelishgan holda malakali, shu jumladan, xorijlik mutaxassislarni ularning xizmat haqini Jamg‘armaning o‘z mablag‘lari hisobiga to‘lagan holda jalb qilishga haqli.
 
Uning o‘rinbosarlarini lavozimiga tayinlash va lavozimdan ozod qilish Ijrochi direktorning taqdimnomasi bo‘yicha Iqtisodiyot va sanoat vaziri bilan kelishgan holda Agentlik direktori tomonidan amalga oshiriladi. Jamg‘arma tarkibiy tuzilmalarining rahbarlarini lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod qilish Agentlik bilan kelishgan holda ijrochi direktor tomonidan amalga oshiriladi.
 
Jamg‘armani boshqarish bo‘yicha kengash Ijro etuvchi direksiyaning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini tasdiqlaydi. Shuningdek, unga Jamg‘arma mablag‘laridan to‘g‘ri va samarali foydalanish yuzasidan javobgarlik yuklanadi. Ijro etuvchi direksiyaning xodimlariga davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun Iqtisodiyot va sanoat vazirligining markaziy apparati xodimlariga belgilangan mehnatga haq to‘lash va rag‘batlantirish shartlari joriy etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid