Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining ilk qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi muammoli masalalarga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Paxta bilan g‘allaning davlat xarididan umuman voz kechamiz. «Gosplan» bo‘lmaydi. Hali odamlarimiz bunga tayyor emas, lekin bosqichma-bosqich shu yo‘lga o‘tmasak, davlatda ushlab tursak, hech qachon hech kimda manfaat bo‘lmaydi.
Paxta, meva-sabzavot, g‘allachilik, baliqchilik sohalarida dunyoqarashimizga klaster degan so‘z kirib kelyapti. Bu ham hozir birinchi qadamlarimiz. Joylarda nazorat bo‘lmagani uchun, klasterlarning 20 foizi ham korrupsiyaga o‘tib ketyapti. Nimaga desangiz, ular hali bank bilan hisob-kitob qilishga ishonmayapti. «O‘g‘ri bo‘lsam, bitta rahbarga borib, 20 foiz bersam, kechasi tinch uxlayman. Bank bilan ishlasam, tinch uxlamayman», deydi. Mana bizning dunyoqarashimiz. Bu bilan uzoqqa bora olmaymiz.
https://ok.ru/videoembed/1385570503359
Bu ishlarimizning bosh maqsadi – fermer va dehqonlarning manfaatdorligini yanada oshirish, qishloqlarda zamonaviy ishlab-chiqarish va yangi ish o‘rinlarini yaratish hisoblanadi. Mana, hurmatli fermerlar ham eshityapti. Biz hech qachon O‘zbekistonda fermerni kamsitmaymiz.
Nima degani klaster? Klaster shunday tizim bo‘lishi kerakki, u fermerni boy qilishi kerak. Yerning egasi manfaatdor bo‘lsa, yer unumdor bo‘ladi. Hozirgacha, ming afsus, yerimiz unumdor emas.
Boshoqli donning o‘rtacha hosildorligini agar 75 sentnerga yetkazmasak, unumdor yerlarga don ekishning hech qanday foydasi yo‘q. Undan ko‘ra tashqaridan sotib olsak, xarajati kamroq bo‘ladi.

Bizdagi suv bilan ikki karra ko‘p g‘alla, uch karra ko‘p paxta qilish mumkin. Agar yuqori texnologiyalar olib kelsak.
Umumiy ekin maydoni tarkibida ozuqa ekin maydonlarini 12 foizgacha kengaytirish kerak. Aholimiz soni o‘syapti, lekin erkin maydonlarimiz kamayib ketgan.
Meva-sabzavotchilik va chorvachilik asosiy lokomotivlar bo‘lishi kerak. Ming afsus, bizda meva-savzavotchilikda ham, chorvachilikda ham tizim yo‘q, tartib yo‘q. Go‘shtni ham jon boshiga hali yetkazib bera olmayapmiz. Qo‘shni davlatlardan olib kelyapmiz.















