Jahon | 21:59 / 25.01.2020
10467
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda Ukrainaning samolyoti halokatida aybdor shaxs hibsga olingani ma'lum qilindi   

Muhammad Javod Zarif

Ukraina aviakompaniyasining 8 yanvarda Tehron aeroporti yaqinida halokatga uchrashida aybdor shaxs qamoqqa olingan. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Der Spiegel nashriga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Zarifning ta'kidlashicha, gap xatti-harakatlari Ukraina yo‘lovchi samolyotining Eron qurolli kuchlari tomonidan urib tushirilishiga olib kelgan odam haqida ketmoqda. Biroq Eron tashqi ishlar vaziri gap aynan kim haqida borayotganiga oydinlik kiritmagan.

“Bu murakkab vaqtdagi murakkab vaziyat edi”, deb aytgan Zarif va boshqalarga bunday sharoitda aybini tan olish ancha ko‘proq vaqt talab etilgan bo‘lishini qo‘shimcha qilgan. 

U bunga Eronning Airbus yo‘lovchi samolyotining 1988 yilda Fors ko‘rfazi ustida AQSh kreyseridan otilgan raketa bilan urib tushirilganini misol qilib keltirgan. O‘shanda samolyotdagi barcha 290 kishi halok bo‘lgan.

Zarifning ta'kidlashicha, AQSh hanuzgacha ushbu fojia uchun rasman uzr so‘ramagan, samolyotning urib tushirilishiga javobgar bo‘lgan zobit hattoki medal olgan. Kreyser qo‘mondoni esa 1987 yildan 1989 yilgacha o‘tagan muvaffaqiyatli harbiy xizmati uchun “Faxr legioni” ordeni bilan taqdirlangan. 

8 yanvarda Eron havo hujumidan mudofaa kuchlari Tehron aeroporti yaqinida “Ukraina xalqaro avialiniyalari” aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyotini urib tushirgan. Buning oqibatida Tehron-Kiyev yo‘nalishi bo‘yicha uchgan samolyotdagi barcha 176 kishi, jumladan ekipajning 9 a'zosi halok bo‘lgan. Ular orasida Ukrainaning 11 nafar, Eronning 82 nafar, Kanadaning 63 nafar, Shvetsiyaning 10 nafar, Afg‘onistonning 4 nafar hamda Germaniya va Britaniyaning 3 nafardan fuqarosi bo‘lgan.

Mavzuga oid