Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yangi «Ayting-chi…» loyihasining ilk mehmoni bo‘ldi.
Tet-a-tet janridagi intervyu shaklidagi loyihada viloyat hokimi blogerning ko‘plab savollarga javob bergan. Jumladan, bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan olinishiga sabab bo‘lgan «ariq» voqeasi masalasida ham biroz oydinlik kiritgan.
«Orqaga qarab xulosa qilib olish uchun vaqt bo‘ldi. Bitta narsa aniqki, xatoga yo‘l qo‘ydingizmi — javobini berish kerak», — degan Zoyir Mirzayev.
Intervyuda hokim Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida ro‘y bergan shov-shuvli voqea tafsilotlariga to‘xtalmasdan, asosan bu voqeadan qanday xulosalar chiqargani haqida gapirib o‘tgan.
«U voqealarni eslamasdan iloj yo‘q. Sababi — mabodo shu savolni bermaganingizda ham, «shuncha narsani so‘rabsanu, nega buni so‘ramading», degan savollar yozilardi.
Bilasizmi, yuqorida aytganimdek, hech kim xatodan xoli emas. Oradan vaqt o‘tar, bu narsaning tagi, negizida nimalar bo‘lganini butun xalqimiz biladi. Bu albatta, mening xatom bo‘lgan. Zamon o‘zgarganini hazm qila olmaganim, zamonga moslasha olmaganim. Ochiqlikni hamma ham birdan hazm qila olmaydi.
Masalaning ikkinchi tarafi ham borki, biz rahbar sifatida nishondamiz. «Sen mana shunday xatolikka yo‘l qo‘yding, bunga nima sabab bo‘ldi o‘zi?», deb o‘sha kunlari ko‘pchilik meni izlasa ham bo‘lar edi-ku? Lekin hech kim izlamadi.
Men shu paytgacha shu to‘g‘risida gapirmadim, bugun og‘iz ochdim. Hali voqeaning haqiqiy negizini xolisona eshitamiz ham, ko‘ramiz ham. Bu narsa bo‘ladi. Lekin bir jihatni aytishim kerak: o‘zingiz qatori yurgan xalqni kamsitish uchun odamda yurak bo‘lmasligi kerak, u odam boshqacha odam bo‘lishi kerak. Biz unaqa tarbiya ko‘rmaganmiz. Meni ishga o‘rgatgan, tarbiyalagan insonlarning barchasi — domlalarim, o‘qituvchilarim — bunday tarbiya berishmagan. Bu shaxsan o‘zimning kamchiligim. O‘shanda nima bo‘lgan bo‘lsa, o‘zim loqaydlik qilganman, qaysidir ma'noda.
Hayot bir tekis emas, hamma narsa kurashdan iborat. Albatta, lavozim bor ekan, mansab bor ekan — talash bo‘ladi.
Bugungi kunga kelib o‘sha voqeadan nima xulosa bo‘ldi, deb so‘raladigan bo‘lsa, siz gapirayotgan har qanday odamning ham g‘ururi va nafsoniyati bor, uni toptashga hech kimning haqi yo‘q.
Qo‘llab-quvvatlagan insonlarning kuchi bilan, kechirimli bo‘lgan rahbarlarimizning sharofati bilan shu joylarda o‘tiribman. Zabardast, bag‘rikeng, bor narsani borligicha qabul qiladigan Qashqadaryo xalqi bilan ishlash nasib qilgan ekan, men bundan faqatgina faxrlanishim kerak, Xudoga ming shukr qilishim kerak. Bu ishonchni qay tarzda oqlash to‘laqonli o‘zimga bog‘liq», — degan hokim intervyu chog‘ida.











