Jamiyat | 19:04 / 30.01.2020
4968
2 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilondagi bog‘cha «Obod mahalla» dasturi asosida yangidan ta'mirlanib foydalanishga topshirildi

Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizning barcha hududlarida yo‘lga qo‘yilgan sektorlar faoliyati davlat organlarini aholi bilan yanada yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashriflari davomida “Kim menga do‘st bo‘lishni istasa maktabgacha ta'limga e'tibor bersin” deb aytgan chaqiriqlarini dasturga aylantirgan sektorlar rahbarlari o‘z faoliyati davomida Maktabgacha ta'lim tashkilotlari tizimini rivojlantirish, bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga jalb etish, maktabga tayyorlash masalalari ta'lim sohasidagi davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri deb qarab kelmoqda. Buning natijasida barkamol avlodni tarbiyalash uchun, eng avvalo, qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Marg‘ilon shahridagi Jismoniy va ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 36-sonli Davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti binosi talabga javob bermay qolgan edi. Mazkur ta'lim dargohi “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida Marg‘ilon shahar prokuraturasi tashabbusi bilan ta'mirdan chiqarildi. Olib borilgan qurilish ishlari natijasida, guruh xonalariga zamonaviy jihozlar keltirildi, bolalarning ta'lim olishlari uchun yetarli sharoitlar yaratildi.

Bugun bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Marg‘ilon shahar prokurori A.Xodjayev va Farg‘ona viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasining mas'ul xodimlari, mahalla faollari va tarbiyalanuvchilarning ota-onalari ishtirok etishdi. Tadbir davomida nuroniylar ushbu ishlarga bosh qosh bo‘lgan mutasaddilarga rahmatlar aytib, o‘z minnatdorliklarini bildirishdi.

Shundan so‘ng, Marg‘ilon shahar prokuraturasi tomonidan shahardagi 8-sonli umumta'lim maktabida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda yoshlarni qiziqtiradigan turli mavzularda suhbatlashib, ularga yoshlarga oid davlat siyosati, turli imtiyozlar va Prezidentimizning yoshlarga g‘amxo‘rligi hamda e'tiborining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Uchrashuv davomida yoshlarning murojaati va takliflari eshitildi. Shuningdek, shahar prokuraturasining esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlari topshirildi.

Mavzuga oid