O‘zbekiston | 20:22 / 05.02.2020
43912
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat idoralari va tashkilotlarida xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb qilishga barham beriladi

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va viloyat hokimliklarida xodimlarning ish vaqti tugagandan so‘ng va dam olish kunlari noqonuniy ishlatilishining oldini olishga qaratilgan qaror va farmoyishlar chiqarilmoqda.

Foto: iStock

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan O‘zbekistonda davlat organlariga mehnat qonunchiligi va xodimlarning mehnat huquqiga rioya qilish topshiriq qilingan.

Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan hujjatlar nusxasiga ko‘ra, mazkur hujjatlar mehnat qonunchiligiga rioya etilishini ta'minlash, ish unumdorligini oshirish, dam olish kunlari xodimlarning jismoniy-ruhiy tiklanishi va oilasi davrasida farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga qaratilgan.

Masalan, Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyevning 4 fevral kungi «Viloyatdagi davlat idoralari va tashkilotlarida mehnat qonunchiligini ta'minlash to‘g‘risida»gi 38-qarorida jumladan shunday deyiladi:

«…Viloyatdagi ayrim davlat idoralari faoliyatida xodimlarga dam olish uchun imkoniyat bermaslik, ish vaqti tugagandan keyin ularni ushlab turish, dam olish kunlari tegishli huquqiy asossiz ishga jalb etish va mehnat huquqini boshqacha tarzda buzish holatlari saqlanib qolmoqda.

Davlat xizmatchilarining ruhiy va jismoniy zo‘riqish ostida ishlashlari turli kasalliklarga, ayniqsa, ko‘z, yurak qon-tomir va asab tizimi kasalliklariga sabab bo‘lmoqda.

Bunday salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ta'sirchan choralarni ko‘rmaslik oqibatida malakali kadrlarning davlat idoralaridan chiqib ketishiga va yosh mutaxassislar uchun davlat xizmatining jozibadorligi pasayib borishiga olib kelmoqda».

Jizzax viloyati hokimi qaroriga ko‘ra, Dam olish va bayram kunlari xodimlarning yuqori turuvchi organlar, boshqa davlat idoralari va tashkilotlari binosiga faqat mazkur idora rahbarining yozma ruxsati bilan kiritish tartibi belgilanmoqda.

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovning 3 fevral kungi 28-F sonli farmoyishiga ko‘ra, qonunchilik talablarini buzgan holda asossiz ravishda ishga jalb etish oqibatida xodimlarga to‘langan qo‘shimcha ish haqi va boshqa xarajatlar aybdor rahbarlar hisobidan qoplanishi belgilangan.

Dam olish va bayram kunlarida xodimlarning hokimlik binosiga faqat viloyat hokimligining tashkiliy-nazorat guruhining yozma ruxsati bilan kirish tartibi belgilangan.

Haftaning dushanba kunilarida belgilangan viloyatlardagi apparat yig‘ilishi va boshqa majlislar haftaning boshqa ish kuniga ko‘chirilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 129-, 130-moddalariga ko‘ra, barcha xodimlarga dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish) berilishi, ularning dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanishi belgilangan.

Xodimlarni ular dam oladigan kunlari ishga jalb etish ushbu Mehnat kodeksining 220-moddasi 5-qismida va 228-, 245-moddalarida belgilangan cheklashlarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Kodeksning 157-moddasida ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi, bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkinligi qayd etilgan.

Mavzuga oid