O‘zbekiston | 11:17
3215
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Endi davlat idoralari «jarayon uchun» emas, «natija uchun» ishlaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi bo‘yicha forum va taqdirlash marosimida davlat idoralari faoliyatida endi asosiy mezon natija bo‘lishini ta’kidladi. Davlat rahbariga ko‘ra, vazirlik va idoralar aholi muammolarini o‘z vaqtida va adolatli hal etishi kerak.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatda «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozim» degan tamoyil davlat siyosati darajasiga olib chiqildi.

«Bundan buyon “jarayon uchun” emas, “natija uchun” ishlash tamoyili idoralar faoliyatida asosiy mezonga aylanadi», — dedi davlat rahbari.

Mirziyoyev samarali boshqaruvsiz hech bir sohada kutilgan natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidlab, ortiqcha byurokratiya va qog‘ozbozlik islohotlar samarasini pasaytirishini qayd etdi.

Shuningdek, «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi davlat idoralari faoliyatini xolis baholash, kuchli va zaif tomonlarini aniqlash hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratilgani aytildi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil yanvar–aprel oylarida dastur doirasida 40 ta respublika idorasi va ularning rahbar kadrlari xalqaro ekspertlar hamda mahalliy mutaxassislar tomonidan baholangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid