Insoniyat yaralibdiki, turli-tuman dardlar bilan kurashib keladi. Ayniqsa yuqumli kasalliklar odamzotga bot-bot qiron keltirgan. Biz hozir vahimaga tushayotgan koronavirus ikki oyda 500ga yaqin bemorning o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, bundan yuz yil oldin «ispanka» deb nom olgan gripp qisqa muddatda 100 mln. kishining yostig‘ini quritgan edi. Qiyoslash uchun, bu o‘sha davrda sayyoramiz aholisining 5 foizi, bugungi kun hisob-kitobi bilan 400 mln.ga yaqin odam qirilib ketishi bilan teng.

Tarixning biror yili yuqumli kasalliklarning ommaviy tarqalishisiz o‘tmagan. Faqat emlash va vaksinalar davriga kelibgina insoniyat bu kasalliklar qarshisida mutlaq ojizlikdan qutildi. E'tiboringizga odamzod qirg‘inlariga sabab bo‘lgan eng dahshatli pandemiyalar haqida ma'lumotlar taqdim qilamiz.

Ma'lumot uchun: biror epidemiyaning qit'alararo ko‘lamda tarqalishi pandemiya deb ataladi.

Qora o‘lat

Bu kasallik miloddan avval Rim va Yunoniston imperiyalarini ham zir qaqshatgan. Ammo 1346-1353 yillarda juda shiddat bilan kechgani holda XIX asrga qadar ham tarqalishdan to‘xtamagan. Ana shu 7 yil oralig‘ida Yevropada o‘nlab million inson nobud bo‘lgani qayd qilingan. Turli ma'lumotlarga ko‘ra, ko‘hna qit'a o‘z aholisining 30-60 foizidan ayrilgan. Bu o‘z davridagi barcha urushlardagi talofatlardan ham ancha ko‘p edi.

Tibbiyot rivojlanmagani, diniy va bid'at amallardan najot izlangani, qashshoqlik kabi omillar dahshatli qirg‘inga sabab bo‘ladi. Chorasizlikdan nafaqat kasallikdan o‘lganlarning jasadlari, balki hali joni uzilmagan, lekin o‘lishi muqarrar bo‘lgan bemorlar ham olov qa'riga otiladi. Buni bugungi kun nuqtayi nazarida shafqatsizlik deya baholash, yovvoyilikka yo‘yish to‘g‘ri bo‘lmaydi. O‘z davrida faqat olovgina oxirgi nuqtani qo‘ya olgan.

Poliomiyelit

Xalqimiz tilida shol kasalligi deb ataladigan bu mudhish dard ham asrlarki insoniyatni qiynab kelmoqda va hanuz samarali davosi topilmagan. Odamzod emlash uslubi orqaligina poliomiyelitni jilovlay oldi.

Ammo o‘rta asrlarda shol kasalligiga chalinishi ayanchli o‘limni anglatardi. Sababi, sanitar-gigiyenik me'yorlarga amal qilinmas, to‘g‘rirog‘i ular umuman yo‘q darajada edi. Kasallikning murakkabligi birdaniga o‘lim kuzatilmay, inson uzoq muddat majruhlikdan ham azob chekishida edi.

O‘tmish shafqatsiz odatlar bilan ham yodda qolgan. Millionlab go‘daklar bu azoblarni boshdan kechirib azoblanmasin, degan o‘ziga xos «ezgu» maqsad bilan yo tiriklay ko‘milgan, yoki shunchaki joni uzilgunga qadar qarovsiz qoldirilgan.