Jamiyat | 13:53 / 07.02.2020
7457
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda YPX xodimiga pora taklif qilgan fuqaro qo‘lga olindi

Jizzaxda YPX inspektoriga ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga pora taklif qilgan fuqaro qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

Jizzax viloyati IIB YHXB YPXO 3-safarbar guruhi YPX inspektori G‘.Ochilboyev joriy yilning 4 fevral kuni soat 16:30larda Jizzax shahar Sh.Rashidov va I.Karimov ko‘chalarining kesishmasida belgilangan taqsimot asosida xizmat olib borayotgan vaqtida “Lasetti” rusumli transport vositasi haydovchisining tegishli me'yoriy hujjatlarini tekshirish maqsadida o‘rnatilgan tartibda to‘xtash ishorasini bergan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi, 1964 yilda tug‘ilgan B.Q. YPX inspektorining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan va taxminan 200 metrlar chamasi o‘tib, notarial idorasi avtoturargohiga to‘xtagan vaqtida, YPX inspektori haydovchi oldiga borib, o‘zini tanishtirib, uning qoidabuzarligini tushuntirib, hujjatlarini taqdim qilishini so‘raganda, haydovchi avtomashinani tegishli hujjatlarsiz boshqarganligi aniqlangan.

Haydovchi bilan muloqot jarayonida uning og‘zidan spirtli ichimlik hidi kelib turganligi sababli gumon tariqasida vrach narkolog ko‘rigiga taklif qilinganda haydovchi spirtli ichimlik iste'mol qilganligiga iqrorlik bildirib, vrach narkolog ko‘rigidan o‘tishdan bo‘yin tovlaganligi uchun xolislar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirib, transport vositasi jarima maydoniga qo‘yilgan.

Haydovchi B.Q.ning o‘g‘li A.N. javobgarlikdan qochish maqsadida YPX inspektori G‘.Ochilboyevga otasiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 100 AQSh dollari miqdorida pora taklif qilgan. 

Xodimning bildirgisiga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro A.N. 100 AQSh dollari miqdoridagi pulni YPX inspektori G‘.Ochilboyevga pora tariqasida berayotgan vaqtida ushlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid