O‘zbekiston | 20:12 / 10.02.2020
6749
3 daqiqa o‘qiladi
Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi negizida yangi markaz tashkil etildi - Hukumat qarori
Hukumatning «Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Yangi markaz vazirlik huzuridagi Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi negizida tashkil etilmoqda.
Oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- OTM faoliyatida ilg‘or pedagogik texnologiyalar va innovatsion o‘qitish usullaridan keng foydalanish asosida o‘quv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish, shuningdek, ta'lim jarayoni sifatini izchil oshirib borish, o‘qitishning samarali shakllari va usullari hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga ko‘maklashish;
- OTMlarning respublika hamda xalqaro reytingini oshirib borish choralarini ko‘rish, ularga texnologik jihatdan yuqori darajada jihozlangan texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi markazlari, startap loyihalar hamda akseleratorlarni tashkil etishga metodik ko‘maklashish;
- OTMlarda tegishli tarmoq, soha va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zarur kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari va ko‘rsatkichlarini tahlil qilish va pronozlashtirish;
- Masofadan o‘qitish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanlan holda amalga oshirish imkoniyati mavjud bo‘lgan ta'lim shakllarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- Oliy ta'lim tizimi faoliyatini ilmiy-metodik ta'minlash, sohaga oid ilg‘or xorijiy tajriba asosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- Ta'lim dasturlariga kiradigan barcha fanlar bo‘yicha yangi avlod o‘quv adabiyotlarini tahlil qilish, tayyorlash va nashr etishni tashkil qilish;
- Oliy ta'lim sohasidagi huquqiy va metodik hujjatlar hamda davlat namunasidagi qat'iy nazoratdagi hujjatlar hisobini yuritish, elektron bazani shakllantirish va ular bilan oliy ta'lim muassasalarini ta'minlash;
- Oliy ta'lim tizimining davlat ta'lim standartlari, malaka talablarini, talabalar mustaqil ta'limi bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayoni uzluksizligini metodik jihatdan ta'minlash;
- Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlashning huquqiy va metadodik asoslarini o‘rganish, ushbu sohadagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- Idoraviy bo‘ysunuvi va mulkchilik shakllaridan qat'i nazar, respublika oliy ta'lim muassasalarining raqobatbardoshligini oshirish choralarini ko‘rish;
- Oliy ta'lim muassasalarining ilmiy-tadqiqot muassasalari, potensial ish beruvchilar talablari bilan integratsiyalashuvi jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiyalarni ishlab chiqish.