O‘zbekiston | 10:55 / 11.02.2020
8034
3 daqiqa o‘qiladi

Gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi 

Gematologiya xizmatini rivojlantirish uchun 546,5 mlrd so‘m va 70,7 mln AQSh dollari ajratiladi

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekistonda gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi:

gematologik kasalliklarga tashxis qo‘yish uchun tibbiyot muassasalarining laboratoriyalarini reagentlar bilan ta'minlanganlik darajasini 7,5 barobarga oshirish;

respublika va hududiy tibbiyot muassasalarining gematologik kasalliklarini davolash uchun zarur bo‘lgan dori vositalari bilan ta'minlanganlik darajasini 2020 yilda 6 barobarga va keyingi yillarda bosqichma-bosqich oshirib borish;

miyeloma va limfoma kasalligiga chalingan bemorlarda autologik o‘zak hujayralari transplantatsiyasini o‘tkazish;

transfuziologiya (qon bilan ishlash) xizmati moddiy-texnika bazasini yaxshilash, qon komponentlari va preparatlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda xavfsizligini ta'minlash, aholi o‘rtasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish.

Dasturga muvofiq gematologiya xizmatini rivojlantirish uchun 546,5 milliard so‘m va 70,7 million AQSh dollari ajratilishi nazarda tutilgan.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi Gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi:

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab va keyingi besh o‘quv yili davomida “Gematologiya va transfuziologiya” mutaxassisligi yo‘nalishi bo‘yicha magistratura va klinik ordinaturada kadrlarni davlat grantlari asosida tayyorlash;

hududiy tibbiyot muassasalarining gematolog va laborant shifokorlarini asosiy ish joylarida oylik maoshi saqlab qolgan holda respublikaning yetakchi tibbiyot muassasalarida stajirovka o‘tishi va malaka oshirishini tashkil etish;

gematologiya yo‘nalishi bo‘yicha kadrlarni xorijiy oliy ta'lim va ilmiy muassasalarning klinik ordinatura (rezidentura), magistratura va doktorantura bosqichlarida tayyorlash.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining:

Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti negizida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini;

Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari kattalar va bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan o‘rin-joylar sonini oshirish hisobiga gematologiya bo‘limlarining kattalar va bolalar uchun mo‘ljallangan o‘rin-joylarini mos ravishda 20-30 taga yetkazish hamda Toshkent shahridagi tegishli tibbiyot muassasasida 20-30 o‘rinli kattalar bo‘limini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid