Jahon | 19:44 / 12.02.2020
38226
4 daqiqa o‘qiladi

Olimlar ko‘rshapalaklardagi viruslar nima uchun o‘ta xavfli ekanini aniqlashdi

Olimlar ko‘rshapalaklar immuniteti odamlarnikidan kuchliroq ekanini aniqlashdi. Bu esa ushbu jonzotlar o‘z o‘lchamidek keladigan boshqa sutemizuvchilardan ko‘ra ko‘proq yashashi va ulardagi viruslar inson uchun o‘ta xavfli ekani sababini tushuntiradi.

Foto : Sourtesy of Linfa Wang, Duke University

Bu boradagi tadqiqot natijalari eLife nashrida chop etildi.

Oxirgi yillarda eng halokatli virusli kasalliklar - SARS (atipik zotiljam), MERS (Yaqin Sharq respirator sindromi), Ebola va Marburg viruslari hamda katta ehtimollik bilan Xitoyda tarqalgan yangi koronavirus ko‘rshapalaklardan kelib chiqqan.

Tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, virusli infeksiya ko‘rshapalaklarda tezkor va kuchli immun reaksiyasini ishga tushiradi. Bu reaksiya bir tomondan ushbu jonzotlarni himoyalaydi, boshqa tomondan agressiv immun javobi viruslarni faol ko‘payishga va muhitga moslashishga majbur qiladi. 

Ko‘rshapalaklar organizmining ushbu xususiyati ularni tez ko‘payuvchi va yuqori darajada zararlovchi viruslar uchun o‘ziga xos rezervuarga aylantiradi. Shu sababli bu viruslar kuchsizroq immun tizimiga ega sutemizuvchilarga o‘tsa, misol uchun odamga, ular uchun halokatli xavf soladi. 

“Tez immun javobi ko‘rshapalaklar hujayralarini infeksiyadan saqlaydi, virus o‘z egasi organizmi uchun zararsiz ko‘payishda davom etaveradi. Ammo virus, misol uchun, bunday virusga qarshi himoya mexanizmiga ega bo‘lmagan odamga yuqqanda, bu ko‘plab asoratlarni keltirib chiqaradi”, deb keltirilgan tadqiqot mualliflaridan biri Kara Brukning so‘zlari Berklidagi Kaliforniya universiteti bayonotida.

Virus odamga ovqat bilan o‘tishi mumkin. Xitoydagi yangi koronavirus manbasi Uxandagi dengiz mahsulotlari bozorida bo‘lgani ta'kidlanmoqda. Bu yerda ko‘plab boshqa jonzotlar tirik va nimtalangan holda sotilgan. Bundan tashqari, jonzotlarda ular yashash muhitining buzilishi virus saqlovchi barcha fiziologik mahsulotlar – so‘lak, siydik va boshqalarning ularda katta miqdorda ajralishiga olib keladi.

Yuqoridagi natijalar Bat One Health loyihasi doirasida olingan bo‘lib, ushbu loyiha ko‘rshapalaklar yashash muhiti buzilishi va ulardagi viruslarning boshqa jonzotlar va odamlarga o‘tishi orasidagi bog‘liqlikni o‘rganishga qaratilgan.

Tadqiqot mualliflaridan yana biri Mayk Butsning ta'kidlashicha, ko‘rshapalaklar viruslar borasida o‘ziga xos jonzotlardir. “Bu viruslardan aksariyatining ko‘rshapalaklardan kelib chiqishi tasodif emas. Bizning tadqiqotimiz ko‘rshapalaklar immun tizimi viruslarning zarar yetkazishini boshqara olishini ko‘rsatadi”, deb aytgan olim.

Ko‘rshapalaklar ucha oluvchi yagona sutemizuvchilar bo‘lgani sababli ular parvoz vaqtida metabolizm, ya'ni moddalar almashinuvi sur'atlarini shunday o‘lchamdagi kemiruvchilarga nisbatan ikki marta oshiradi. Odatda, faol jismoniy harakatchanlik va metabolizmning tez kechishi reaktiv molekulalar (metabolizmning ikkilamchi zaharli mahsulotlari), birinchi navbatda erkin radikallar to‘planishi sababli to‘qimalarning kuchliroq zararlanishiga olib keladi. Biroq ko‘rshapalaklar, ko‘rinishicha, bu vayronkor molekulalardan xalos bo‘lishning fiziologik mexanizmlarini ishlab chiqqan. Shu bilan parallel ravishda ularning organizmi turli sabablar bilan chaqirilgan istalgan yallig‘lanishdan xalos bo‘ladi. Bu esa ularning uzoq yashashi sababini tushuntiradi. 

Yurak urishi va metabolizmi tez bo‘lgan kichikroq o‘lchamdagi sutemizuvchilar yurak urishi va metabolizmi sekinroq bo‘lgan kattaroq jonzotlarga nisbatan kamroq yashaydi, chunki ulardagi yuqori sur'atlardagi metabolizm vayronkor erkin radikallarning tezroq ajralib chiqishiga olib keladi. Biroq ko‘rshapalaklarning o‘ziga xosligi shundaki, ular o‘z o‘lchamidek keladigan boshqa sutemizuvchilarga nisbatan ancha uzoq yashaydi. Ba'zi ko‘rshapalaklar 40 yilgacha yashashi mumkin, vaholanki shu o‘lchamdagi kemiruvchilar 2-3 yilgina yashaydi.

Mavzuga oid