O‘zbekiston | 11:41 / 18.02.2020
4615
2 daqiqa o‘qiladi

Onlayn auksion: 3,9 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi

Foto: KUN.UZ

2020 yilning 10-16 fevrallarida “O‘zRTXB” AJda 1,06 trln so‘mlik bitimlar tuzildi, bu avvalgi haftadagi natijaga nisbatan 8 foizga ko‘pdir. Kichik biznes va tadbirkorlik sub'yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 402,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Birja savdolarining hajmi 885,9 mlrd so‘mdan 945,5 mlrd so‘mgacha oshdi. Valuta savdo maydonchasi orqali sotilgan tovarlarning qiymati qariyb ikki marotabaga oshib 2,5 mln. AQSh dollarni tashkil etdi. Eksport tarkibida polietilen mahsulotlarning ulushi 51 foiz, suyultirilgan gaz ulushi 32 foiz va boshqa mahsulotlarning ulushi 17 foizni egalladi.

Ko‘rgazma-yarmarka savdolarning haftalik hajmi 46 foizga o‘sib 51,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. Kichik biznes sub'yektlari tomonidan amalga oshirilgan xaridlar 10,8 mlrd so‘mga yetdi, yoki tuzilgan bitimlarning 31 foizini egalladi.

O‘tgan haftada davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uz maxsus axborot portalida tuzilgan bitimlarning hajmi 63,0 mlrd so‘mni tashkil etib, 6 foizga o‘sdi. Budjet va korporativ buyurtmachilarning pul mablag‘ini tejalishi 15,4 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 910 ta avtomobil raqamlari sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 3,9 mlrd so‘mni tashkil qildi. Savdolar natijasida bitimlarning 17,9 foiz birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 49,6 foiz ikkinchi va 32,5 foiz uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishli.

Mavzuga oid