Iqtisodiyot | 20:02 / 18.02.2020
41241
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari: «O‘zbekistonda 8 millionga yaqin kishi bir tiyin ham soliq to‘lamaydi»

O‘zbekistonda mehnat bilan band aholining 8 millionga yaqini norasmiy sektorda. Bahodir Umrzoqovning ta'biricha, «davlatimizning qudratiga, quvvatiga hissa qo‘shmaydigan 8 million aholimiz bor».

18 fevral kuni Toshkentda «O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va hokimlik vakillik organlarining rolini oshirish» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Unda so‘zga chiqqan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov O‘zbekiston mehnat bozoridagi holat statistikasini keltirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«[2020 yil 1 yanvar holatiga] band bo‘lgan aholi soni 13 million 541 ming nafar kishini tashkil etadi. Shundan 5 million 7 yuz ming kishi rasmiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi. 8 millionga yaqini esa norasmiy. Ya'ni bu toifadagi insonlar har kuni norasmiy ishlab, cho‘ntagini pulga to‘ldirib uyga borishadi. Bolalari, maktab, bog‘chalar va hokazolarga berishadi. Lekin davlatga bular bir tiyin ham soliq to‘lamaydi, to‘lovlarni qilmaydi.

Ya'ni davlatimizning qudratiga, quvvatiga hissa qo‘shmaydigan 8 million aholimiz bor», – dedi Bahodir Umrzoqov.

U prezident murojaatnomasida ayni shu toifadagi insonlarni rasmiy sektorga o‘tkazish masalasi qo‘yilganini ta'kidladi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi ishlar 2019 yilning aprel oyida boshlangan. Har bir norasmiy fuqaro ishlayotgan korxona, muassasa, tashkilotlarga ogohlantirish berilgan. 2019 yil 1 sentyabriga qadar ana shu toifadagi insonlarni rasmiylashtirish, rasmiy jihatdan to‘lovlarni belgilash masalasi qo‘yilgan.

«O‘tgan yili qisqa muddatda 480 ming kishini norasmiydan rasmiyga o‘tkazildi. Bu juda mashaqqatli va ijtimoiy muhim masala», – deb ta'kidladi Umurzoqov.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, norasmiy band bo‘lgan aholini rasmiy bandga o‘tkazish tezlik bilan hal bo‘ladigan masala emas. Buni 3-4 yilda, ko‘rsatkichlarni asta-sekin oshirgan holda amalga oshirish mumkin.

«Masalan, o‘tgan yili 480 ming nafar kishi bo‘lsa, 2020 yilda taxminan 550 ming, keyingi yil 1 millionga yaqin kishini [rasmiy sektorga] o‘tkazish tadbirlarini belgilab qo‘yganmiz», – dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari.

Mavzuga oid