Jahon | 23:18 / 25.02.2020
10287
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda Husni Muborak vafoti munosabati bilan 3 kunlik motam e'lon qilindi 

Misr hukumati mamlakatning sobiq rahbari Husni Muborak vafoti munosabati bilan 3 kunlik umummilliy motam e'lon qildi. 

Motam 26 fevraldan boshlanadi. Bu haqda Misr prezidenti ma'muriyatida ma'lum qilingan.

Avvalroq Muborak Qohiradaga harbiy gospitalda 91 yoshida vafot etgani ma'lum qilingandi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, sobiq prezidentning vafotiga yaqinda oshqozonida o‘tkazgan jarrohlik operatsiyasidan keyingi asoratlar sabab bo‘lgan.

Misrning harbiy xizmat haqidagi qonuniga ko‘ra, Muborak harbiy uchuvchi bo‘lgani sababli harbiy ehtirom bilan dafn etiladi. Dafn marosimi Muborak o‘z hayotining katta qismini yashagan Geliopolis shahridagi qabristonda bo‘lib o‘tadi. 

Husni Muborak Misrni 1981 yildan 2011 yilgacha boshqargan, keyin «arab bahori» voqealari sifatida tarixga kirgan namoyishlar natijasida 2011 yil 3 fevralda iste'foga chiqishga majbur bo‘lgan. Shundan keyin u hibsga olinib, korrupsiyada hamda namoyishchilarning halok bo‘lishida aybdor deb topilgan. Muborak ushbu ayblovlar bo‘yicha umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Misr kassatsiya sudi Muborakdan namoyishchilarning halok bo‘lishi bo‘yicha barcha ayblovlarni bekor qilgach, sobiq prezident 2017 yilda ozodlikka chiqqan.

Mavzuga oid