Jamiyat | 11:00 / 25.02.2020
9277
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand aholisi qanchaga o‘sdi? Statistika boshqarmasi demografik ma'lumotlarni e'lon qildi

Foto: Samarqand viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati

Samarqand viloyat statistika boshqarmasi viloyatdagi tug‘ilish, o‘lim, nikoh va ajralish, oilalarning demografik xususiyatlariga doir ma'lumotlar tahlilini taqdim etdi. Unga ko‘ra, viloyatda o‘tgan bir yilda salkam 102 ming bola tug‘ilgan.

Qator mamlakatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham demografik ko‘rsatkichlarga xos barcha malumotlar statistika organlari tomonidan o‘rganiladi. Qayd etilishicha, ko‘rsatkichlarning eng muhimi, doimiy aholi sonidir. Samarqand viloyatida 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, doimiy aholi soni 3 million 878 ming kishini tashkil etdi. 2020 yil boshidan viloyat aholisi 79,1 ming kishiga yoki 1,2 foizga o‘sgan.

Jumladan, shahar aholisi soni 1 million 438,3 ming kishini tashkil etadi, bu jami viloyat aholisining 37,1 foizi. Qishloq aholisi soni 2 million 439,7 ming kishini (62,9 foiz) tashkil etmoqda. Demografik ko‘rsatkichlar viloyat hududlari kesimida o‘rganilsa, 2020 yil 1 yanvar holatiga eng ko‘p aholi soni Samarqand shahrida — 14,1 foiz, keyingi o‘rinlarda Urgut (13,1 foiz), Pastdarg‘om (9,1 foiz) va Kattaqo‘rg‘on tumanlari (7 foiz) band etgan.

Demografik holatni aniqlashning asosiy ko‘rsatkichlari tabiiy tug‘ilish va o‘lim holatlari o‘rtasidagi farq bilan aniqlanadi. 2019 yilning yanvar-dekabr oylarida Samarqand viloyatida 101198 bola tug‘ilgani qayd etilgan (tirik tug‘ilganlar). Mos ravishda, 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 26,4 promilleni tashkil etgan. Bu 2018 yilning mos davriga nisbatan 0,2 promillega ziyoddir.

Shundan 2019 yilning yanvar-dekabr oylarida 16 502 kishining o‘limi qayd etilgan. Bu raqam 2018 yilgi ko‘rsatkich bilan solishtirganda 241 kishiga ko‘paygan. 

Viloyat statistika boshqarmasi fuqarolar vafot etishi bilan bog‘liq sabablarni ham keltirmoqda.

Ma'lumotga ko‘ra, vafot etganlarning 61,5 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 8,2 foizi - o‘simtalardan, 5,6 foizi - ovqat hazm qilish a'zolari kasalliklaridan, 3,7 foizi - nafas olish a'zolari kasalliklaridan, 6,5 foizi - baxsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 1,3 foizi - yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 13,2 foizi - boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 714 nafarni tashkil etib, ularning 64,1 foizi - perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 15,3 foizi - nafas olish a'zolari kasalliklaridan, 11,8 foizi - tug‘ma anomaliyalardan, 2,5 foizi - baxsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 1,5 foizi - yuqumli va parazitar kasalliklardan, 1 foizi - ovqat hazm qilish a'zolari kasalliklaridan va 3,8 foizi - boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Migratsiya, nikoh va ajrimlar

Mamlakatning ijtimoiy– iqtisodiy ko‘rsatkichlariga o‘z ta'sirini ko‘rsatadigan yana bir demografik holat — migratsiyadir. Aynan u doimiy aholi sonini aniqlashda asos bo‘lib, xizmat qila oladi. Samarqand viloyatiga 2019 yil davomida ko‘chib kelganlar soni 7 963 kishini, xuddi shu vaqtda ko‘chib ketganlar 13 595 kishini tashkil etdi. 

2019 yil davomida Samarqand FHDYo bo‘limlari tomonidan 36 159 kishi nikohi qayd etilgan. Shundan 3 468 kishining ajrimi kuzatilgan. 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 9,4 promilleni va shundan ajralish koeffitsiyenti 0,9 promilleni tashkil etgan.

Samarqand viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati

Mavzuga oid