Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iqtisodiyotda davlatning ishtiroki yanada qisqartiriladi. Prezident farmoni loyihasi e'lon qilindi
Iqtisodiyotda davlatning ishtirokini yanada qisqartirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni tubdan isloh qilish va ular faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari qabul qilinadi
Prezidentning “Iqtisodiyotda davlatning ishtirokini yanada qisqartirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni tubdan isloh qilish va ular faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Qayd etilishicha, davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish samaradorligi yetarli darajada emasligi holatida ularning soni yuqoriligicha qolmoqda.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning eksport salohiyati va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi bilan bir qatorda ishlab chiqariladigan mahsuloti (ko‘rsatiladigan xizmatlari) sifati past darajada qolmoqda, energiya tejaydigan uskunalarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmaganligi sohaga investitsiyalarni jalb qilishga to‘sqinlik qilgan holda mahsulotning tannarxini yuqori bo‘lishiga va korxonalarning raqobatbardoshligini pasayishiga olib kelmoqda.
Hujjatda aytilishicha, bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va prezident maslahatchilari boshchiligida iqtisodiyot sohalari kesimida davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan davlat ishtirokidagi har bir korxona xatlovdan o‘tkazilgan va o‘rganib chiqilgan.
Iqtisodiyotda davlat ishtirokidagi korxonalar ulushini qisqartirish, ularni isloh qilish va samaradorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
xususiy sektor muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan va raqobat rivojlangan sohalarda, xususan, bozorlar va savdo komplekslari, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoatida, xizmat ko‘rsatish va turizm sohasida davlat aksiya paketlarini (ulushlarini) sotish orqali davlat ishtirokini cheklash va “Sariq sahifalar qoidasi” tamoyilini joriy etish;
yirik korxonalarni sotishdan oldin tayyorlash va xususiylashtirish jarayonlariga mahalliy va xorijiy konsultantlarni, investitsiya vositachilarini jalb etish;
xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarini optimallashtirish, tizimlashtirish va unifikatsiya qilish hisobiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yagona qonunga jamlashni nazarda tutuvchi xususiylashtirish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, shuningdek IPO va SPO o‘tkazish amaliyotini kengaytirish;
davlat ishtirokidagi korxonalarning bo‘sh turgan obektlari va sohaga oid bo‘lmagan aktivlaridan ularni xususiy sektorga berish yo‘li bilan samarali foydalanish;
transport, kommunal xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, energetika, ta'lim va ijtimoiy soha korxonalarida davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini keng qo‘llash;
davlat ishtirokidagi korxonalarni faqat aholining ijtimoiy ehtiyojlarini ta'minlash, jamoat tartibini saqlash, davlat xavfsizligi va manfaatlarini ta'minlash maqsadida saqlash;
korxonalarni to‘liq bozor sharoitlariga o‘tishini ta'minlash, ularning faoliyatiga korporativ boshqaruv tamoyillarini tatbiq etish;
ijroiya organi faoliyatini samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari (KPI – Key Performance Indicators) asosida, kuzatuv kengashi faoliyatini esa - korporativ boshqaruv tamoyillari joriy etilishi darajasiga qarab baholashga o‘tish;
davlat ishtirokidagi korxonalar rahbar xodimlarini zamonaviy menejment sohasida qayta tayyorlash va professional malakasini oshirish tizimini tubdan o‘zgartirish, ilg‘or xorijiy tajriba va xorijiy ta'lim muassasalari bilan korporativ boshqaruv va kapital bozori sohasida hamkorlik asosida aholining moliyaviy savodxonligini oshirish.
Xalqaro moliya institutlari ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan, quyidagilarni nazarda tutuvchi, 2020-2025 yillarda O‘zbekistonning davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish, ularni boshqarish va isloh qilish Strategiyasi tasdiqlanadi:
davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish va ularni davlat tasarrufida saqlab qolishning mezonlari;
davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan davlatning o‘rta va uzoq muddatli istiqbolli maqsadlarini aniqlash;
davlat va nodavlat korxonalarga teng sharoitlar yaratish, mulkdor va tartibga soluvchi funksiyalarni ajratish;
davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish, ular faoliyatining ochiqligini va shaffofligini ta'minlash, ularning boshqaruv va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish.
Bosh vazir (Aripov):
2020 yil 1 sentyabrga qadar xalqaro moliya institutlari va ekspert hamjamiyatlarini jalb etgan holda Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha Amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlashni;
2020 yil 1 mayga qadar Loyiha ofislarini tashkil qilishni nazarda tutgan holda, davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashni ta'minlasin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat ishtirokidagi korxonalarda dividend siyosatini olib borish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilanadi.
Belgilab qo‘yilishicha, davlat ulushi bo‘yicha tushadigan dividendlarning 5 foizi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufida qoldiriladi va Biznes va korporativ boshqaruv oliy maktabi faoliyatini moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi.
Isloh qilinadigan davlat ishtirokidagi korxonalar
RO‘YXATI

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
2021 yildan boshlab Oliy Majlis tomonidan Agentlikning davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati natijadorligi va Strategiyani amalga oshirish to‘g‘risidagi hisobotini har yili eshitish amaliyoti joriy etiladi;
davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish hamda ularning xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalida ishtirok etishi faqatgina prezident qaroriga asosan Strategiya talablariga mos kelgan taqdirda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ijobiy xulosasiga asosan amalga oshiriladi;
davlat ishtirokidagi korxonalar litsenziyalanadigan faoliyat turlarini tegishli litsenziyalarni olgandan so‘ng amalga oshiradilar.
Agentlikning quyidagi takliflari qabul qilinadi:
Agentlik faoliyatini zamonaviy yondashuv va uslublar asosida tashkillashtirishga ko‘maklashish uchun mahalliy va xalqaro mutaxassislar jalb qilgan holda Ekspert kengashini tashkil qilish;
Agentlik faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida turli sohalar vakillaridan iborat Jamoat Kollegiyasi faoliyatini tashkil etish.
Mavzuga oid
20:56 / 19.06.2026
Inflatsiya pasayishi sekinlashsa, monetar siyosatni yanada qat’iylashtirishga tayyor turish kerak - XVJ
17:46 / 10.06.2026
Samarqand tumanlari qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi
10:53 / 24.04.2026
Yevrozonada biznes faolligi pasaydi: xarajatlar bosimi kuchaymoqda
17:06 / 18.04.2026