O‘zbekiston | 17:46
617
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqand tumanlari qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish, olis va chekka tumanlarda aholi turmush darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda qayd etilganidek, chekka hududlarda aholi ko‘p bo‘lsa-da, yuqori daromadli ish o‘rinlari yetarli emas. Narpay, Qo‘shrabot, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrining viloyat sanoatidagi umumiy ulushi atigi 10 foizni tashkil qiladi. Narpay, Paxtachi, Pastdarg‘om tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida ishsizlik va kambag‘allik darajasi boshqa hududlarga nisbatan yuqori.

Shu bois, mazkur hududlarning salohiyatidan kelib chiqib, ularni aniq ixtisoslashuv asosida rivojlantirish taklif etildi. Xususan, Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlari qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va bog‘dorchilik markazi sifatida rivojlantiriladi. Bulung‘urda yillik quvvati 100 ming bosh bo‘lgan 50 million dollarlik naslchilik korxonasi, Qo‘shrabot va Oqdaryoda yillik quvvati 800 ming dona bo‘lgan 20 million dollarlik naslli jo‘ja korxonalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Narpay tumani va Kattaqo‘rg‘on shahri sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarining o‘sish nuqtasiga aylantiriladi. Jumladan, Narpayda 100 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha 500 million dollarlik loyihalar joylashtiriladi. Bu jarayonga Yaponiyaning 10 ta yirik kompaniyasini jalb etish ko‘zda tutilgan.

Oqdaryo tumani parrandachilik, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi.
Yig‘ilishda Narpay, Paxtachi, Pastdarg‘om tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida ishsizlik darajasini 3 foizgacha, kambag‘allikni 2 foizgacha tushirish, Ishtixon, Narpay, Nurobod, Paxtachi, Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida eksportni 20 foizga oshirish, shuningdek, Bulung‘ur, Narpay, Nurobod, Payariq, Paxtachi, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida xizmatlar hamda sanoat hajmini 2 karra ko‘paytirish bo‘yicha loyihalar taqdimot qilindi.

Samarqand viloyatining turizm salohiyatini yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shahar tarixiy markazidagi 13 ta ko‘chani piyodalar hududiga aylantirish, yangi turizm va servis obektlarini barpo etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi hududini kengaytirish taklif qilindi. Imom Moturidiy yodgorlik majmuasi qarshisidan oqib o‘tuvchi “Shaar” kollektori atrofini obodonlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.


Mazkur choralar natijasida Samarqand shahri, Nurobod va Samarqand tumanlarida mehmonxonalar sonini 850 taga, nomer fondini 20 ming o‘ringa, turizm xizmatlari hajmini 750 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda aholi yashashi uchun qulay infratuzilma yaratish eng asosiy vazifa ekani ta’kidlandi. Buning uchun ijtimoiy obektlar qurish, yo‘l, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, elektr ta’minotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat loyihalarini infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida 1,2 trillion so‘m ajratish taklifi bildirildi.
Samarqand shahrida renovatsiya dasturi asosida “Kimyogarlar” qo‘rg‘onini aholi uchun qulay qiyofaga keltirish bo‘yicha master-rejani bir oy muddatda tasdiqlash, Bulung‘ur tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi hududini kengaytirish, yil yakuniga qadar Samarqand shahrining “Temiryo‘l orti” hududidagi bo‘sh turgan yer va binolar o‘rnida sport, madaniyat, musiqa va san’at maskanlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.


Shuningdek, viloyat hokimligi huzurida ijtimoiy soha obektlarini qurish va ta’mirlash jamg‘armasini tashkil etish ma’qullandi. Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha iqtisod qilingan mablag‘lar ushbu jamg‘armaga yo‘naltirilishi belgilandi.
Yig‘ilishda mutasaddilarning axboroti tinglandi. Davlat rahbari Samarqand viloyatining har bir tumanida mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutni qisqartirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid