O‘zbekiston | 09:12 / 27.02.2020
3857
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston hududi orqali uchinchi mamlakatlarga o‘tadigan O‘zbekiston tranzit yuklari hajmi oshirilishi mumkin

Afg‘oniston hududi orqali uchinchi mamlakatlarga o‘tadigan O‘zbekiston tranzit yuklari hajmini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi

Foto: TIV axborot xizmati

2020 yilning 26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Afg‘oniston Islom Respublikasi transport vaziri vazifasini bajaruvchi Yamo Shams bilan uchrashdi.

TIV xabariga ko‘ra, Yamo Shams O‘zbekiston rahbariyatiga Afg‘oniston milliy iqtisodiyotini tiklash borasidagi sa'y-harakatlari, mamlakatda tinch siyosiy jarayonni boshlashga yordami, shuningdek, avvalo barcha afg‘on xalqi manfaati uchun turli iqtisodiy loyihalar amalga oshirilayotganligi uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi darajasi va istiqbollari muhokama qilindi.

Yamo Shams O‘zbekistonning Afg‘onistondagi yirik infratuzilma loyihalarida ishtirok etishi muhimligini qayd etar ekan, Afg‘onistonga O‘zbekiston ishlab chiqargan turli mahsulotlar eksportini oshirish, O‘zbekistondan Afg‘onistonga yetkazib beriladigan mahsulotlar turini kengaytirishda mamlakatimizning muhim ahamiyatini ta'kidladi.

Tomonlar Afg‘oniston hududi orqali uchinchi mamlakatlarga o‘tadigan O‘zbekiston tranzit yuklari hajmini oshirish masalasini ham muhokama qildilar.

Havo harakati xizmatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va muvofiqlashtirish tartiblari, shuningdek, xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risida ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlashni davom ettirish va tezroq imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid