O‘zbekiston Respublikasining Sog‘liqni saqlash kodeksi loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

1) fuqarolarning sog‘liqni saqlashga doir huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishini ta'minlash;

2) fuqarolarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;

3) davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish.  

Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlariga rioya qilinishi;

aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘la olishi;

profilaktika chora-tadbirlarining ustunligi;

sog‘lig‘ini yo‘qotgan taqdirda fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishi;

tibbiyot fanining amaliyot bilan uyg‘unligi.                       

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlari yig‘indisidan iborat yagona sog‘liqni saqlash tizimi amal qiladi.

Davlat sog‘liqni saqlash tizimiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari, ularning shahar va tuman bo‘linmalari kiradi. Davlat sog‘liqni saqlash tizimiga davlat mulki bo‘lgan va davlat sog‘liqni saqlash tizimining boshqaruv organlariga bo‘ysunuvchi davolash-profilaktika va ilmiy-tadqiqot muassasalari, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari tayyorlaydigan hamda ularni qayta tayyorgarlikdan o‘tkazadigan o‘quv yurtlari, farmatsevtika korxonalari va tashkilotlari, sanitariya-profilaktika muassasalari, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaradigan korxonalar hamda asosiy faoliyati fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash bilan bog‘liq boshqa korxona, muassasa va tashkilotlar kiradi.

Ilmiy-tadqiqot institutlarining klinikalari, vazirliklar, idoralar, davlat korxonalari, muassasa va tashkilotlari barpo etadigan davolash-profilaktika muassasalari va dorixonalar davlat sog‘liqni saqlash tizimiga kiradi.