O‘zbekiston | 14:46 / 03.03.2020
4660
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi: kadrlar, eksport, sifat sertifikati muammolari xalqaro tashkilot tahlilida

3-4 mart kunlari Toshkent shahrida USAID dasturining (AQShning xalqaro taraqqiyot dasturi) Qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish loyihasi (AVC) tomonidan mamlakat agrosohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun maxsus seminar-trening o‘tkazilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, konferensiyada turli yo‘nalishlar, jumladan, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish masalalari, qishloq xo‘jaligi loyihalarini moliyalashtirishda uchraydigan xatolar va ularning yechimlari tahlil etilmoqda.

Jumladan, AVC loyihasi mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri sifatida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 30 foizini tashkil etadi.

Biroq, garchi O‘zbekiston ko‘plab bog‘dorchilik ekinlari yetishtirish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi beshlikka kirsa-da, ko‘plab o‘zbek meva va sabzavot mahsulotlari jahon bozoriga 2-3 baravar arzonroq eksport qilinadi.

Konferensiyada ham ayni shu jihatga e'tibor berilgan holda o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari xalqaro bozor talab qiladigan yuqori sifatli mahsulotlarni uzluksiz yetkazib berishlari uchun nimalarga e'tibor qaratishi zarur, degan savollarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, AVC loyihasining mahsulot yetishtirish sohasi bo‘yicha mutaxassis G‘olibjon Mahmudov tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar muammosi bor. Ish berishda malakali mutaxassislar tanlanmasligi va keyinchalik ularga yetarli maosh to‘lanmasligi tufayli sohadagi xodimlar o‘z ustida yetarlicha ishlashmaydi. Bu esa kadrlar malakasida uzilish bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

G‘olibjon Mahmudov

«Lekin, aslida, ishchi kuchi mahsulot samaradorligining muhim omili hisoblanadi. Zamonaviy agrobiznesda ishchi kuchiga daromadning 50 foizi ajratilishi kerak. Biroq, afsuski, O‘zbekistonda hali bu bosqichga yetib kelinmadi», - deya kadrlar muammosiga to‘xtalib o‘tdi G‘olibjon Mahmudov.

Loyihaning marketing bo‘yicha eksperti Ulug‘bek Bekchonov taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, bugun o‘zbek agromahsulot ishlab chiqaruvchilari faoliyatida qator kuchli va kuchsiz jihatlar kuzatilmoqda.

«Bugun ko‘pgina davlatlar o‘zbek mahsulotlari haqida ma'lumotga ega, bundan tashqari, sohaga hukumat va xalqaro tashkilotlar tomonidan yetarlicha e'tibor va moddiy mablag‘ ajratilmoqda.

Lekin mahsulotlar marketingida hanuz kamchiliklar bor. Masalan, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, asosan, Rossiya bozoriga bog‘lanib qolishgan va boshqa bozordan xaridor qidirish imkoniyatidan yetarlicha foydalana olishmayapti.

Bundan tashqari, mahsulot sifatini aniqlab beradigan laboratoriyalar deyarli yo‘qligi tufayli ham o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar chet el bozoriga kirib borish uchun sifatni aniqlash ishlarini amalga oshirishda qiynaladi», - deya qayd etdi Ulug‘bek Bekchanov.

Shuningdek, AVC loyihasi standartlar bo‘yicha mutaxassisi Jasurbek Rustamov chet el bozoriga chiqish uchun sifat sertifikatlarini olish borasida to‘xtalib o‘tdi.

Jasurbek Rustamov

«Bugun jahonda, asosan, organik mahsulotlarga talab oshib bormoqda. Va mana shu mahsulotlarga qo‘yiladigan sifat sertifikatlari mavjud. Masalan, Amerika, Yevropa, Yaponiya talab qiladigan sifat sertifikati bir-biridan farq qiladi. Ularning talablarini o‘rganish va shu asosda eksport qilish esa muhim.

Biroq ba'zida eksportchilarimizning mana shu talabni yaxshi o‘rganmasdan chet elga mahsulot olib borib, xavfsizlik talablariga javob bermasligi tufayli mahsulotini qaytarib kelgan holatlari ham bo‘lgan», - deydi Jasurbek Rustamov.

AVC loyihasi tomonidan shu kabi holatlarda muammolarga duch kelmasliklari uchun qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan mutaxassislar uchun «Global G.A.P» - qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga sifat sertifikatini olish bo‘yicha yordam beruvchi maxsus qo‘llanmaning ham taqdimoti o‘tkazildi. 

Ikki kun davom etadigan konferensiyada AVC ekspertlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga, asosan, mahsulotni yetishtirishdan uni eksport qilish tizimigacha bo‘lgan jarayonda hamkorlikni to‘g‘ri tashkil qilishni tavsiya qilishmoqda.

Ma'lumot uchun: USAID’ning AVC loyihasi O‘zbekistonda yuqori qo‘shimcha qiymatli bog‘dorchilik mahsulotlarini yetishtirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan besh yillik dastur bo‘lib, Respublika bo‘yicha 600dan ortiq agrosektorda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarga, eksportchilarga yordam ko‘rsatadi. 

USAID rivojlanish bo‘yicha yetakchi xalqaro agentlik bo‘lib, barqaror taraqqiyotga erishish yo‘lida faoliyat olib boradi. USAID faoliyati AQSh milliy xavfsizligini hamda iqtisodiy farovonlikni olg‘a suradi va yordam oluvchi mamlakatlarga o‘z kuchiga tayanadigan barqaror davlat bo‘lishi yo‘lida ko‘mak beradi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid