18:25 / 04.03.2020
0
4288

PPX: Jamoat joylaridagi jinoyatlar 8,6 foizga kamaydi

Ma'lum bo‘lishicha, respublika bo‘yicha har kuni jami 2567 nafar piyoda va 1000dan ortiq avtopatrul xodimi xizmat olib boradi.

Jamoat joylarida fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida Patrul-post xizmati tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar natijasi yuzasidan 4 mart kuni matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Patrul-post xizmati boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Bekmurod Abdullayevning ma'lum qilishicha, PPX xodimlari asosan ko‘chalar, maydonlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, temir yo‘l vokzallari, aeroport, metropoliten obektlari va ularning atroflarida, qisqacha qilib aytganda, aholi gavjum joylarda xizmat olib boradi.

Oxirgi yillarda ish hajmi ham ortishi bilan birgalikda, jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar 8,6 foizga, ko‘chalarda sodir etilgan jinoyatlar esa 8,1 foizga kamayishiga erishilgan.

Hozirda respublika bo‘yicha har kuni jami 2567 nafar piyoda va 1000dan ortiq avtopatrul xizmati xodimi jalb qilinadi.

«Xavfsiz shahar» konsepsiyasi bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti.

Xususan, Toshkent shahrida «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasi amaliyotga joriy qilinib, konsepsiya doirasida jinoyatlarning oqibatlariga emas, balki ularning sabablari va asosiy omillariga qarshi kurashishga e'tibor qaratilmoqda.

Bu konsepsiya o‘zini oqlayotgani sababli boshqa hududlarda, ya'ni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududida jami 21ta yirik shaharlarda joriy qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top