«Oldin odamlar uzoqroq yashagan»
Yillar davomida shakllanib kelgan xato tushunchalardan biri. Holbuki Yer shari aholisining, jumladan o‘zbekistonliklarning o‘rtacha yoshi muttasil oshib bormoqda. O‘n to‘rtinchi asrlarda sayyoramiz aholisining o‘rtacha yoshi 34-35 yoshni, o‘n oltinchi asrga kelib 50 yoshni tashkil qilgan. 2000-yillarga kelib bu ko‘rsatkich 60 yoshni ortda qoldirdi va 2050 yilda 83 yoshga yetishi taxmin qilingan. O‘zbekistonda ham bu ko‘rsatkich oshib boryapti, so‘nggi yillarda o‘rtacha yosh 67dan 73,5 yoshga yetgan.
O‘rtacha yoshning oshishi dunyo siyosatchilarini yangi muammo – keksa aholi soni ko‘payishiga duchor qilmoqda.
«Ajdodlarimiz bizdan ko‘ra sog‘lom va baquvvat bo‘lishgan»
Birinchi bo‘lim bu xatoga ham qisman javob beradi. Ammo bu tushunchada ozroq haqiqat ham bor – o‘tmishda odamlar ko‘proq harakatlanishgan, jismoniy mehnat bilan muntazam shug‘ullanishgan, noqulay sharoitlarga ham bizga nisbatan chidamliroq bo‘lishgan. Lekin bu ularning bizga nisbatan sog‘lomroq bo‘lganini anglatmaydi. Hattoki o‘tgan asrda, yaqin o‘tmishda ham odamlar yuqumli kasalliklar qarshisida ancha ojiz bo‘lishgan va bugungi kun nuqtayi nazarida arzimas kasalliklardan o‘lib ketishgan yoki nogiron bo‘lib qolishgan. Odamlarning aksariyati gigiyenaga rioya qilmagan, bit bosish, manqalik, teri kasalliklari juda ko‘pchilikning doimiy hamrohi bo‘lgan.
«Yolg‘iz ayollar erkaklardan ko‘p»
Bugungi kunda ham mustahkam saqlanib qolgan yolg‘onlardan eng mashhuri, desak xato qilmaymiz. Ayniqsa ko‘p xotinlilikni ilgari suruvchilarning ayrimlari ham shunday tushunchani sabab sifatida keltirishadi. Ammo demografiyaga oid rasmiy statistika buning naqadar yolg‘onligini bir zumda isbotlab qo‘yadi. Xitoy, Hindiston kabi oila sun'iy ravishda rejalashtiriladigan, bola jinsiga ko‘ra tanlanadigan oz sonli davlatlarda erkaklar soni nisbatan ancha ko‘p holat yuzaga kelgan. O‘zbekistonda ham erkaklar ayollardan ko‘proq.
Mana, yaqinda O‘zbekiston aholisi 34 million kishidan oshdi. Mamlakat aholisining tarkibiga ko‘ra bugungi kun hisobi bo‘yicha hamma o‘ziga bittadan juft topganida edi, kamida 183 ming nafar erkak xotinsiz qolib ketardi. Tasavvur qiling, bu Xorazm viloyatining Xonqa tumani















