O‘zbekiston | 15:33 / 09.03.2020
1972
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Zamonaviy san'at markazi faoliyati tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida Zamonaviy san'at markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Adliya vazirligi, Energetika vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining:

a) O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Zamonaviy san'at markazini tashkil etish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Toshkent shahar, Mirobod tumani, Amir Temur tor ko‘chasi, 6a-uy manzilidagi binosini;

‘'Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining Toshkent shahar, Mirobod tumani, Amir Temur tor ko‘chasi, 6-uy manzilidagi binosining “A” va “G” bloklarini operativ boshqaruv huquqi asosida Markazga berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

zamonaviy san'at sohasida ijodkorlar bilan ommaviy muloqotni yo‘lga qo‘yish;

tasviriy va amaliy san'atning barcha turlari vakillarini professional ravishda birlashtirishga yo‘naltirilgan zamonaviy san'atni innovatsion va texnologik rivojlantirishda uzoq muddatli tashabbuslarning fanlararo o‘zaro platformasi yaratilishini ta'minlash;

O‘zbekistonda madaniyat va san'atning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan yosh san'at namoyandalari va pedagoglar hamjamiyatini tashkil etish va uning faoliyatiga ko‘maklashish;

O‘zbekiston san'ati tarixi va tadqiqot tashabbuslari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kutubxonalar hamda bosma, foto, video va audio materiallar arxivini yaratish va boshqarish;

zamonaviy san'at sohasida ta'lim tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar;

zamonaviy madaniyat va san'at sohasida spektakllar, perfomanslar, kino namoyishlari, audiovizual loyihalarni amalga oshirish laboratoriyasini tashkil etish va boshqarish.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi huzuridagi Zamonaviy san'at markazi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 19 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi huzuridagi Zamonaviy san'at markazining ustavi tasdiqlandi.

Markaz direktoriga Jamg‘arma kengashi bilan kelishgan holda Markazning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatiga balans qiymati Majmua qiymatidan past bo‘lmagan qiymatdagi binoning berilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha, boshqa bino berilgunga qadar “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati o‘z faoliyatini Majmuada davom ettiradi.

Jamg‘arma yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari evaziga shakllantiriladigan mablag‘lar hisobiga berilayotgan binolarni madaniyat va san'at obektlarini me'moriy loyihalashtirish sohasidagi zamonaviy jahon tajribalariga mos ravishda rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshiradi.

Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

Jamg‘armaning budjetdan tashqari manbalardan shakllantiriladigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyatidan tushgan tushumlar; 

metsenatlik ko‘magi;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari; 

xalqaro moliyaviy tashkilotlarning grantlari; 

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid