Bu — Ishtixon tumani «Qo‘rli» QFY Qayirma qishlog‘ida yashovchi bir guruh fuqarolarning dardi.

Darhaqiqat, Qayirma qishlog‘i Ishtixonning shunday nuqtasida joylashganki, o‘zlarining ta'biri bilan aytganda, «o‘gay». Ishtixonlikmiz deyishsa, tumanning chekkasida, qo‘shrabotlikmiz deyishsa, geografik jihatdan mazkur tumanga mansub emas.
Qayirma qishlog‘iga borganimizda haqiqatan ham bir paytlar kattagina hududga ega bo‘lgan, ammo bugun nurab borayotgan, ta'mirga muhtoj holga kelib qolgan binoga guvoh bo‘ldik. Shu yerda tuman tibbiyot birlashmasi rahbari o‘rinbosari Hamidulla Ko‘bayev vaziyatga izoh berdi.
Uning aytishicha, ayni vaqtda tuman TTBga qarashli «So‘g‘diyona 103» shoxobchasi 1992 yilgacha qishloq uchastka shifoxonasi bo‘lgan. 2006 yildan qishloq vrachlik punktiga aylantirilgan. O‘sha vaqtlarda 24 nafar tibbiyot xodimlari aholiga xizmat qilgan.
2017 yilga kelib prezident qarori bilan QVPlar optimizatsiya qilinib, uchta qishloq vrachlik punkti o‘rniga bitta tashkil etilgan. Sodda qilib aytganda, mazkur muassasa bugungi kunda «Mustaqillik» qishloq oilaviy poliklinikasining filiali hisoblanadi. Hozirgi vaqtda «So‘g‘diyona 103» shoxobchasi 6819 nafar kishiga xizmat ko‘rsatyapti. Shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati ham tashkil etilgan.
Tabiiyki, QVP «So‘g‘diyona 103» shoxobchasiga aylantirilgach, shtatlar ham qisqarib ketgan. Shunga monand e'tibor ham filialdan ko‘ra QVPning o‘ziga ko‘proq qaratilgan. Bir vaqtlar bundayroq shifoxona maqomida bo‘lgan muassasaga o‘rgangan odamlar buni qabul qilolmagan, albatta.
Xususan, shu mahalla faxriylaridan biri Ismat Abdurahmonov muassasaning bugungi holatidan qoniqmasligini bildirdi.

«Bir vaqtlar ushbu muassasa yetmish o‘rinli kichikroq shifoxona maqomida bo‘lgan. Barcha sharoitlar bor edi, tajribali shifokorlar xizmat qilardi. Endi o‘ylang, aholi ko‘paygani sari imkoniyatlar yaxshilanishi o‘rniga aksincha, o‘sha vaqtdagi qulayliklar ham yo‘qoldi. Endi biroz og‘irroq bemor bo‘lsa, tuman markaziga olib borishimiz kerak. Bunga hammaning ham imkoniyati yetmaydi. Yomoni, og‘irroq bemorlar tuman markaziga olib borilgunga qadar vafot etgani kabi holatlar ham bo‘ldi», deydi I.Abdurahmonov.






















