Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish tartibi qanday?
Xalq ta’limi vazirligi voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish tartibi to‘g‘risida ma’lumot berdi
Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish Oila Kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining Oila Kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 171-son qarori bilan tasdiqlangan Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida nizom asosida amalga oshiriladi.
Farzandlikka olish faqat ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan bolalarga nisbatan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida yo‘l qo‘yiladi. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning arizasiga va vasiylik va homiylik organlari tavsiyasiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarori bilan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olinishi lozim bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni va farzandlikka olinuvchilarni joylashtirish bo‘yicha tuman, shahar fuqarolik sudlariga tavsiyalar tayyorlash tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.
Quyidagi:
- ota-onasi vafot etgan;
- ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan;
- ota-onasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan;
- ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlagan;
- ota-onasi bir yildan ortiq muddat davomida bolalar muassasalari yoki tibbiy muassasalardagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan;
- ota-onasi tarbiyalash, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasidan va boshqa muassasalardan bolasini olishdan bosh tortgan;
- ota-onasi bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bolalar farzandlikka olinishi lozim bo‘lgan bolalar sifatida hisobga olinadi.
Farzandlikka olishni xohlovchi shaxs yashash joyidagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, nikohda qachondan beri turganligi, er-xotinning birga yoki alohida yashashi, agar farzandlari bo‘lsa ularning soni va yoshi, farzandlikka olinadigan bolaning yoshi va jinsi ko‘rsatilgan ariza;
- shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
- nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda bo‘lsa);
- oila a’zolari ko‘rsatilgan holda yashash joyidan ma’lumotnoma;
- ish joyidan ish haqi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma;
- ish joyidan yoki yashash joyidan tavsifnoma;
- farzandlikka oluvchi bo‘lishni xohlovchi shaxsning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanserining ma’lumotnomalari.
Farzandlikka oluvchilar bo‘lish imkoniyati to‘g‘risida xulosa tayyorlash uchun tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuzadi.
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar, shuningdek bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini o‘rganib chiqish dalolatnomasi asosida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi ariza berilgan kundan boshlab 30 ish kuni mobaynida ularning farzandlikka oluvchilar bo‘lishi imkoniyati to‘g‘risidagi xulosani tayyorlaydi. Ushbu xulosa ariza beruvchilarga beriladi va farzandlikka olishga nomzodlar sifatida hisobga qo‘yish uchun asos hisoblanadi.
Vasiylik va homiylik organi salbiy xulosa va unga asoslangan farzandlikka olishga nomzodlar sifatida hisobga qo‘yishning rad etilishini xulosa imzolangan sanadan boshlab 5 kun muddatda ariza beruvchining e’tiboriga yetkazadi. Ayni bir vaqtda ariza beruvchiga barcha hujjatlar qaytariladi va qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.
Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin, quyidagi shaxslar bundan mustasno:
- ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
- qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
- asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar;
- sobiq farzandlikka oluvchilar, agar ular farzandlikka olish bo‘yicha zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlaganliklari yoki ularni lozim darajada bajarmaganliklari, ota-onalik huquqini suiiste’mol qilganliklari, farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada bo‘lganliklari, shuningdek surunkali ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lganliklari munosabati bilan farzandlikka olish bekor qilingan bo‘lsa;
- qasddan sodir qilgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar.
Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega bo‘ladilar:
- turar joyidan qat’i nazar, farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
- oilasida farzandlikka olinuvchi bola yashayotgan shaxs;
- aka-uka, opa-singillarni ular orasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
- o‘gay ota va o‘gay ona;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
- kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.
Farzandlikka olish uchun bolalarni tanlash
Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi fuqarolar farzandlikka oluvchi nomzodlar sifatida hisobga qo‘yilgandan keyin ularga farzandlikka olish mumkin bo‘lgan bola (bolalar) to‘g‘risidagi axborotni taqdim etadi va bola (bolalar) yashaydigan (turgan) joyda bolani (bolalarni) ko‘rish uchun yo‘llanma beradi.
Agar farzandlikka olishga nomzodlar o‘z yashash joyida farzandlikka olish uchun bolani tanlay olmasa, ular farzandlikka olinadigan bola to‘g‘risida ma’lumot olish uchun o‘z xohishlariga ko‘ra boshqa tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qilishi mumkin.
Farzandlikka olishga nomzodlar quyidagi huquqlarga ega:
- bola to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotni va uning qarindoshlari borligi haqidagi ma’lumotlarni olish;
- O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda bola turgan muassasaning vakili ishtirokida bolani farzandlikka olishni mustaqil tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun tibbiyot muassasasiga murojaat qilish.
Farzandlikka olishga nomzodlar shaxsan:
- bola bilan tanishishga va u bilan aloqa o‘rnatishga;
- farzandlikka olinadigan bolaning hujjatlari bilan tanishishga;
- bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa bilan tanishganlikni yozma shaklda tasdiqlashga majbur.
Chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan bolalarni farzandlikka olish
O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olishda O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151 - 167, 237-moddalari hamda Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida nizom talablariga rioya qilinishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan bolalarni farzandlikka olish O‘zbekiston Respublikasida o‘z diplomatik vakolatxonasi mavjud bo‘lgan davlatlarning fuqarolari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Farzandlikka olishni istovchi shaxslarni ro‘yxatga olish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunday farzandlikka olishning asosiy sharti farzandlikka olish masalasini ko‘rib chiqishda farzandlikka oluvchilarning shaxsan ishtirok etishi, diplomatik vakolatxonaning quyidagi ma’lumotlarni: farzandlikka bola olishni istovchi fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan vaqti, turar joyi, moddiy ahvoli haqidagi ma’lumotlarni, tibbiy xulosa, oilaning axloqiy-ruhiy shart-sharoiti, shuningdek, farzandlikka oluvchining har biriga tavsifnomalarni o‘z ichiga olgan iltimosnomasi hisoblanadi.
Farzandlikka oluvchilar farzandlikka olingan bolalar balog‘atga yetgunlariga qadar har yili xorijiy davlatlarning tegishli diplomatik vakolatxonalari orqali O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga bolaning psixik va jismoniy holati, uning yashash va tarbiyalanish sharoitlari to‘g‘risida axborot taqdim etadilar. Ushbu ma’lumotlar xorijiy davlatning maxsus vakolatli organi yoki bolalarni farzandlikka olish bo‘yicha tashkilot tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Agar farzandlikka olish natijasida bolaning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar bilan belgilangan huquqlari buzilsa, farzandlikka oluvchi qaysi davlat fuqarosi bo‘lishidan qat’i nazar, farzandlikka olishni amalga oshirish mumkin emas, agar farzandlikka olingan bo‘lsa, u sud tartibida bekor qilinishi kerak.
O‘zbekiston hududida farzandlikka oluvchilar oilalarida bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini nazorat qilish
Farzandlikka olingan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida farzandlikka olingan bolaning yashash joyidagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi uning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini nazorat qiladi.
Hududida bola farzandlikka olingan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi farzandlikka olish to‘g‘risida tuman, shahar hokimining qarori chiqqandan keyin 7 kun muddatda farzandlikka oluvchi (lar)ning yashash joyidagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun tegishli axborotni yuborishi shart. Ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni berishda farzandlikka olish sir saqlanishi kerak. Uni oshkor qilishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Mavzuga oid
17:26 / 08.11.2024
“Embrionlar qarovsiz qolib ketdi” - EKU orqali farzand kutgan ayollar aldandi(mi?)
15:31 / 16.03.2024
To‘ng‘ich, o‘rtancha, kenja – nechanchi farzand bo‘lib tug‘ilish inson shaxsiyatiga ta’sir qiladimi?
17:00 / 19.02.2024
«Bolalarimni o‘qitish uchun mardikorlik qilganman» - ota
08:36 / 17.02.2024