Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindiston vizalarga ham cheklov qo‘ya boshladi, O‘zbekiston TIV bu mamlakatga bormaslikni tavsiya qildi
Hindiston hukumati COVID-19 tarqalishining oldini olish maqsadida viza berish tartibi bir oyga muddatgacha to‘xtatilishini e'lon qildi.
BBC news xabarida ma'lum qilinishicha, chet el fuqarolari uchun dengiz orqali beriladigan vizasiz kirish tartibi ham 15 aprelga qadar bekor qilingan.
Bu esa, o‘z navbatida, turizm, mehmonxona va aviatsiya sohalariga o‘z ta'sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Hukumat hozircha faqatgina diplomatik, rasmiy, loyihaviy ishlar doirasida vizalar tartibi amalda saqlanib qolinishini ma'lum qilgan.
Shunga qaramay, hatto ruxsat berilganlar ham 14 kunlik karantinda saqlanishi mumkinligi aytib o‘tilgan hamda fuqarolardan iloji boricha chet el safarlariga chiqmasliklari uqtirilgan.
«Hindistonda o‘z fuqarolarini ommaviy tarzda karantinda saqlash imkoni mavjud emas va Xitoy kabi ko‘p sonli odamlarni kasalxonaga yotqizishi ehtimoldan ancha yiroq», deya ta'kidlab o‘tgan BBC muxbiri Soutik Bisvas.
Dehli shahri bosh vaziri Arvind Kerival shaharda barcha maktablar, kollejlar va kinoteatrlar virus tarqalishini nazorat qilishga yordam berish uchun 31 martga qadar yopiq bo‘lishini ma'lum qilgan.
Hindiston Tibbiy tadqiqotlar kengashi vakili Gangakhedkar mamlakatda tekshiruv bilan bog‘liq ishlar sekinlik bilan olib borilayotgani to‘g‘risidagi gap-so‘zlar asossizligini aytib o‘tgan.
«Milliy virusologiya instituti kuniga 2 mingdan ortiq tekshiruvlarni o‘tkazishga qodir. Biroq biz so‘nggi bir oy ichida 6000ta tekshiruvni amalga oshirdik. Demak, bizning imkoniyatlarimiz ko‘p», – degan u.
Shuningdek, u mamlakatda qayd etilgan koronavirus bilan bog‘liq o‘lim holatini aniqlay olmaganliklari haqidagi da'volar to‘g‘risidagi gap-so‘zlarni rad etgan: «Bu noto‘g‘ri. Bizning kuzatuv tizimimiz kuchli va biz har qanday simptomatik kasallangan bemorlarni tezda aniqlay olamiz».
- Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, hozirga kelib, mamlakatda 81 kishida virus holatlari aniqlangan. Yaqin kunlarda virusga chalinish holatlari ortishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Hindistonga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qildi.
«O‘zbekistonning Dehli shahridagi Elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, Hindiston hukumatining qarori bilan COVID-19 koronavirusi tarqalishining oldini olish maqsadida 2020 yilning 13 martidan 15 apreligacha chet el fuqarolariga yangi vizalar berish va avval berilgan vizalarning amal qilishi to‘xtatib qo‘yildi. Bundan diplomatlar va BMT xodimlari mustasno.
Shu bilan birga, 2020 yil 15 fevraldan keyin Xitoy, Italiya, Eron, Koreya Respublikasi, Fransiya, Ispaniya va Germaniyaga borgan barcha shaxslar Hindistonga kelishlari bilan 14 kunlik karantinga joylashtiriladilar.
Shu munosabati bilan Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga o‘ta zarurat bo‘lmasa Hindistonga borishdan tiyilib turishni tavsiya qiladi», deyiladi vazirlik xabarida.
O‘zbekistonning Dehli shahridagi elchixonasining telefon raqamlari: (+9111) 24670774, 24670775, 24105640.
Mavzuga oid
19:25 / 01.06.2026
O‘limlar vodiysi – VARANASI | SUBYEKTIV
09:16 / 29.05.2026
Hindiston O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi
19:15 / 01.05.2026
MUMBAY. Xarobadagi milliardlar | SUBYEKTIV
08:35 / 27.04.2026