Jamiyat | 17:33 / 13.03.2020
36158
2 daqiqa o‘qiladi

«Kim gapirgan bo‘lsa ham, koronavirus haqida ma'lumoti yo‘q» – Shifokor internetda tarqalgan audioga izoh berdi

Shu hafta Olmaliq shahrida bir necha kishi koronavirusga chalingani aytilib, messenjerlarda tarqalgan audiodagi ma'lumotlar asossiz, deb ma'lum qildi Olmaliq shahar Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Rustam Unarov.

Unarov 13 mart kuni jurnalistlarga bergan intervyusida ma'lum qildiki, audio muallifining so‘zlaridan u koronavirus haqida ma'lumotga ega emasligini bilish mumkin.

«Audioyozuvdagi ma'lumotlar isbotini topmadi. Biz uni bir necha bor eshitib, ko‘rib chiqdik. Kim gapirgan bo‘lsa ham, koronavirus haqida ma'lumotga ega emas.

Audioyozuvda: «Bu kasallik ko‘proq bolalarga yuqar ekan, bolalarni maktabga, bog‘chaga chiqarmaylik, issiq suv beringlar. Men hozir yopiq majlisdan chiqdim. Toshkentda ko‘payib ketibdi», deb aytmoqda. Aksincha, jahondagi ma'lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, asosan 40-50 yoshdagi insonlar koronavirus bilan kasallanmoqda.

Qolaversa, yopiq majlisdan chiqdim, deb aytmoqda. Olmaliq shaharda ham, Sog‘liqni saqlash tizimida ham bunday yopiq majlislar bo‘lgani yo‘q», – degan Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Rustam Unarov fuqarolarga mish-mish tarqatmaslik va mish-mishlarga ishonmaslikni, shaxsiy gigiyenaga e'tibor berib, qo‘llarni sovunlab yuvishni tavsiya qildi.

Rustam Unarov

Uning qo‘shimcha qilishicha, kriminalistlar audioyozuvni tarqatgan shaxsni topish ustida ish olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 12 mart holatiga mamlakatda koronavirus yuqtirib olgan shaxslar aniqlanmaganini bildirgan.

Mavzuga oid