O‘zbekiston | 15:09 / 13.03.2020
4717
3 daqiqa o‘qiladi

Nega davlat kompaniyalarni boshqarishda yaxshi boshqaruvchi bo‘la olmaydi?

O‘zbekiston tarixidagi yirik xususiylashtirish dasturi tasdiqlanishi ko‘zda tutilmoqda. Unga ko‘ra, 1115 ta davlat ulushlari xususiy sektorga sotilishi rejalashtirilgan

Foto: KUN.UZ

Bugun, 13 mart kuni Toshkentda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan uyushtirilgan, Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasi, mutasaddi vazirlik va idoralar, yirik xo‘jalik jamiyatlari, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari ishtirokidagi “Transformatsiya: iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin kamaytirish” mavzusida xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumki, prezidentning 2019 yil 11 dekabrda o‘tkazgan yig‘ilishi hamda Oliy Majlisga murojaatida davlat ulushiga ega 3000ga yaqin korxonani inventarizatsiya qilish zarurligi hamda xususiy sektor va raqobat rivojlanib borayotgan sohalarda davlatning ishtirokini keskin kamaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish vazifasi aniq belgilab qo‘yilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari boshchiligida 8 ta ishchi guruhlar tuzildi, 2965 ta davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati tanqidiy o‘rganildi va takliflar shakllantirildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan davlat aktivlarini samarali boshqarish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin kamaytirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan 9ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilgan va umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan.

Qayd etish joizki, ushbu hujjatlar bilan 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish, ularni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash nazarda tutilmoqda.

Ushbu hujjatlar bilan mamlakat tarixidagi yirik xususiylashtirish dasturi tasdiqlanishi ko‘zda tutilmoqda. Unga ko‘ra, 1115ta davlat ulushi xususiy sektorga sotilishi rejalashtirilgan.

Loyihalarning hayotga tatbiq etilishi natijasida davlat ishtirokidagi korxonalarni 81 foizga kamaytirish, davlat unitar korxonalarini 96 foizga qisqartirish, 20 ta jamiyatlarda IPO o‘tkazish, kuzatuv kengashi mustaqil a'zolari sonini 20 foizgacha ko‘paytirish kutilmoqda.

Tadbirda ishtirok etgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakili Andrey Boytsun nega davlat iqtisodiyotda yaxshi boshqaruvchi bo‘la olmasligini tushuntirarkan shunday dedi:

– O‘zbekistonda aksariyat yirik korxonalar davlatga tegishli. Xo‘sh, buning salbiy jihati nimada? Davlat bu xalq, odamlar. Ammo odamlar o‘sha korxonalarning majlislarida qatnashmaydi, kelajagini belgilay olmaydi. Qolaversa, davlatga tegishli degani aniq qiyofadagi egasi yo‘q demakdir. Bunday korxonalar rivoji bo‘yicha javobgarlik ham mavhum.

Mavzuga oid