O‘zbekiston | 18:10 / 14.03.2020
14152
14 daqiqa o‘qiladi

Neft-gaz geologiyasi hamda qidiruvi instituti: eskirgan texnikalar, xususiy kompaniyalarga ketayotgan yosh kadrlar, sohadagi muammolar

Neft va gaz konlari qanday topiladi? Neft konlari geologiyasini o‘rganish nima natija beradi? Bu sohada qanday ilmiy yangiliklar qilinmoqda?

Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Neft va gaz geologiyasi hamda qidiruvi institutiga borib, u yerdagi ilmiy faoliyat bilan yaqidan tanishdik.

Institut direktori geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor G‘aybulla Abdullayev mazkur ilmiy muassasa tarixi, institut oldiga qo‘yilgan vazifalar haqida ma'lumot berdi.

– Neft va gaz geologiyasi va qidiruvi instituti 1959 yilda FA Geologiya-geofizika institutining ikkita laboratoriyasi bazasida tashkil etilgan. Shundan buyon mazkur institut neft va gaz konlarini qidirish, har yili geologiya-qidiruv ishlari o‘tkazish uchun dasturlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, biz geologiya-qidiruv ishlarining yo‘nalishlarini belgilaymiz, resurslarni bashoratlaymiz.

G‘aybulla Abdullayev

Bundan tashqari, qazilayotgan quduqlardan olingan namunalarni: kern, suv, gaz, kondensat va neft analizlarini laboratoriyada usulida aniqlaymiz.

«Kon insonga tez bo‘ysunganida, uning nomi kon bo‘lmasdi»

Geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor To‘ychi Shomurodov ​​​​​​ mamlakatimizda mavjud konlar geologiyasi va tavsifiga to‘xtalar ekan, ular nisbatan ancha chuqurdan – 3-7 ming metrdan olinishini ta'kidlab o‘tdi.

To‘ychi Shomurodov

– Bizning ilmiy dargoh qariyb 60 yildan buyon mamlakatimizdagi neft-gaz konlari, ularning istiqbolli maydonlarni belgilash bo‘yicha ilmiy yondashuvdagi ishlarni olib boradi. Bizda poliogen davridan tortib poleozoy davri yotqiziqlarigacha bo‘lgan tog‘ jinslarida neft-gaz konlari topilgan. Masalan, Farg‘ona neft-gaz regionini olsak, u yerdagi mavjud konlar poligen, neogen, bur va yura davri yotqiziqlariga mansub. Ularning chuqurligini raqamlarda ifodalasak, 1,5-6 km chuqurlikni tashkil etadi.

Surxondaryo viloyati hududida yura davri yotqiziqlarida neft borligi olimlarimiz tomonidan ilmiy jihatdan asoslangan bo‘lib, texnologik jihatdan 6 km masofaga tushish muammo bo‘lgani uchun haligacha o‘z yechimini topmay turibdi. Bu bo‘yicha Qoraqurt maydonida bitta quduq kavlash nuqtasi o‘rnatildi va shu jumboqlarga aniqlik kiritadi hamda katta-katta konlar ochilsa ajab emas.

Kon borligi uchun hamma alomatlar yetarli. Avvalo, neft-gaz yig‘ilishi uchun uni yopib turadigan mahkam qopqog‘i bo‘lishi kerak. Bu bizni hududda ko‘proq tuzli qatlamlar bilan bog‘liq. Xalqimiz osh tuzi deb yuritadigan, Dehqonobod va Sherobodda qazib olinadigan tuz konlari – aslida 500-600 metr qalinlikdagi qopqoq.

Yer qa'rini o‘rganganda biror standart yoki ilgaridan belgilangan narsa o‘zini oqlamasligi mumkin. Ya'ni bir kavlashni o‘zida kon topilishi juda kam. Masalan, Ko‘kdumaloq kabi yirik konni ham uchinchi urinishda topishga erishilgan. Yoki boshqa misol, adabiyotlarda Arabiston yarimoroli regionidagi o‘ta katta trillionlab zaxiraga ega konlarga ham yuzlab qazuv nuqtalari qazilgani aytiladi.

Ko‘p odamlarda shunday tushuncha borki, kon turibdi, kavlash kerak. Kon insonga shunday tez bo‘ysunadigan bo‘lsa, uning nomi kon bo‘lmas edi. Oltin, temir, ko‘mir yoki neft-gaz bo‘ladimi – bu konki, buni faqat axtarib topish kerak. Buning uchun esa ilmiy yondashuv lozim.

Bizning institut qilayotgan ishlar, ilmiy yondashuv shuki, barcha omillardan – geologik, tiktonik, litologik, gidrogeologik, geofizik kabi omillardan foydalangan holda bashorat qilinadi. Bu esa kon ochilishi bilan o‘z mevasini beryapti.

«Bitta quduqda 2-3ta neft-gazli qatlamlar ochilishi mumkin»

Shuningdek, institut olimlari bugungi kunda neft va gaz konlarini topish, o‘rganish, zaxiralarni aniqlash jarayoni tog‘ jinsidan namuna olishdan tortib, ularni laboratoriyada o‘rganishgacha bo‘lgan jarayonlar xususida aytib o‘tishdi.

Yo‘ldashboy Irgashev

«O‘zgeofizika tashkiloti dala sharoitida yer qa'rining qayerida tiktonik yoriqlar borligi kabi bir necha masalalarni aniqlab, xaritaga tushiradi. Bizning institutdagi maxsus komissiyada yetuk olimlar qatnashib, neft-gaz uyumlari taxmin qilingan joylarni ilmiy jihatdan tekshirib ko‘radi.

Eng birinchi navbatda qaysi joyda quduq qazish masalasi hal qilinadi. Har bir quduq qazishga juda katta mablag‘ sarflangani uchun bu o‘ta muhim hisoblanadi. Keyingi bosqichda institutimiz tomonidan quduqni qazish bo‘yicha loyihalar tuziladi. Hamda uni qazish boshlanadi.

Neft-gaz bo‘lishi mumkin bo‘lgan qatlam tog‘-jinsidan namuna – kern olinadi. Bu namuna institut laboratoriyasiga olib kelinib, o‘rganiladi. Bitta quduqda 2-3ta neft-gazli qatlamlar ochilishi mumkin», – deya kon topish jarayoni bilan tanishtirdi institut bosh ilmiy xodimi, geologiya-minerologiya fanlari doktori Yo‘ldashboy Irgashev.

«Burg‘ulash uskunalari 1960 yillarda chiqqan tokarlik dastgohlarida yasaladi»

Shundan keyin institutning ochilayotgan konlar tabiatini o‘rganish uchun yerosti tog‘ jinsidan namuna – kern oladigan bo‘limi, ularning faoliyati haqida ma'lumot oldik. Bo‘lim boshlig‘i Jahongir Xayrullayev bu boradagi qiyinchiliklar, texnologiyalarning yetishmasligini ma'lum qildi.

Jahongir Xayrullaye

– Bo‘limimizning asosiy ish maqsadi yerosti tog‘ jinsidan namuna olish hamda ularning tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanish hisoblanadi. Biz ilgari kern olish uskunasini chet olib kelishar edi, hozirda esa 100 foiz O‘zbekneftgaz tasarrufidagi barcha korxonalarga o‘zimiz ta'minlab kelyapmiz. Bu burg‘ulash qurilmalari import o‘rnini to‘liq bosadi hamda chet el valutasini tejaydi.

Garchi texnologiya rivojlangan bo‘lishiga qaramasdan, biz hamon burg‘ulash uskunalari uchun, aynan kern olish uskunamizni eski 1960-70 yillarda ishlab chiqarilgan tokarlik dastgohlarida yasayapmiz.

«Yangi texnologiya xarid qilinsa, bitta quduqni muvaffaqiyatsiz burg‘ulashga ketadigan 20-25 mlrd so‘m mablag‘ tejab qolinadi»

Laboratoriya natijalari neft va gaz konlari zaxiralarni aniqlash, kon mavjud hududlarni 3D xaritalash, shuningdek, kon mavjud yerlarni aniq prognozlashda foydalaniladi.

Javlon Mamirov

«Biz yangi topilgan uglevodorod konlari zaxirasini tezkor hisoblash bilan shug‘ullanamiz. Bundan tashqari, bizning sektorda mamalakatimizdagi barcha konlarning geologik 3D modellarini tuzish ishlari ham olib boriladi.

Raqamli geologiyani rivojlantirishga asosiy e'tibor berilishi bizning sohamizga ham ta'sir etmoqda va muammolar borligi yaqqol sezilmoqda. Shulardan biri – zamonaviy dasturiy ta'minotlarning yetishmasligi.

Bizning bo‘lim oldidagi vazifalardan biri – respublikamizdagi beshta neft-gaz hududining basseyn modelini yaratish. Mavjud dasturiy ta'minotlar bu talablarga javob berolmaydi. Buning uchun maxsus dasturiy ta'minot olish zarur, garchi bu juda qimmat – 1 mln AQSh dollari atrofida tursa-da, uning keltiradigan foydasi katta.

Oddiy misol, bitta quduqni muvaffaqiyatsiz burg‘ulashga ketadigan 20-25 milliard so‘m mablag‘ni tejab qoladi.

Bu yangi dasturiy ta'minot qaysi joyda qanaqa ish olib borishimizni belgilab beradi, burg‘ulash quduqlarini xato qo‘yilmasligi oldini oladi. Bundan tashqari, qo‘yilgan obektda nima bo‘lishini oldindan aytib bera olishimiz mumkin», – deydi Uglevodorod zaxiralarini tezkor hisoblash bo‘limi mudiri Javlon Mamirov.

«Institut fundamental yo‘nalishlarni va yosh kadrlarni boy berdi, texnologik jihatdan ortda qoldi»

Institut direktori G‘aybulla Abdullayev geologiya ilmiga qaratilayotgan avvalgi va hozirgi e'tibor, erishilgan yutuqlar va boy berilgan kadrlar haqida ham qo‘shimcha qildi.

– Shu paytgacha haqiqatan ham fundamental tadqiqotlarga e'tibor berilmadi, lekin biz o‘zimizning harakatimiz bilan qisman bo‘lsa-da olib bordik. Negaki, busiz ertaga boshqa yo‘nalishlarni qila olmaymiz.

Kerakli darajada pul berilmadi, fundamental ish bugun stanokka kirib, ertaga mahsulot bo‘lib chiqadigan narsa emas. Natijasini beradi, lekin bunga vaqt kerak.

Geologiya judayam cheksiz: mukammal geolog bo‘lish uchun matematikani, fizika, kimyo qonunlarini, hattoki biologiyani bilish zarur. Nima uchun deganda, 100 millionlab yil ilgari hosil bo‘lgan tog‘ jinslarida neft va gaz uyumlari saqlanib qolgan. Bular qanaqa sharoitda hosil bo‘ldi: quruqlikdami yoki dengizda, tog‘ jinslarining g‘ovakligi bor-yo‘qmi – bularni bilishimiz uchun fundamental ishlar olib borish talab qilinadi.

Moliyalashtirish tizimi haqida gapiradigan bo‘lsam, beriladigan pullar ertaga o‘zini mahsulotini berishi talab qilingan ishlarga ajratildi. Nima keragi bor bizga 5-10 yildan keyingi bo‘ladigan narsalarni, qani biz kon ochaylik, degan qarash ustuvor bo‘lib qoldi.

Vaholanki, biz yuqorida aytganimdek qisman bo‘lsa-da fundamental yo‘nalish bilan shug‘ullanganimiz hisobiga quyi yura, poleozoy davri yotqiziqlarining istiqbollari borligini o‘rgandik.

Bozor iqtisodiga o‘tilgandan so‘ng, fanga e'tiborda faqat tez natija olinadigan yo‘nalishlarga qaratildi, mana senga 100 million, shunga yarasha ish qilib bersang bo‘ldi – boshqasiga yo‘q. Ya'ni o‘tirib ilm qilaman desangiz, bunga pul berilmadi. Albatta, yoshlarimiz farovon turmush, go‘zal hayotni orzu qiladi, shu sababli bizda kuchli mutaxassisga aylanib, xususiy kompaniyalarga ishga ketib qoldi. Ular oylik-maoshni 3-4 baravar ko‘p beradi.

Misol uchun, o‘tgan yili to‘rt nafari falsafa doktori darajasini olib, ilg‘or xorijiy kompaniyalarga ketdi. Bular aytib ketganlari – aytmaydigani qancha!

Lekin hozirda institut Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga o‘tganidan so‘ng oylik-maoshlar davlat budjetiga o‘tkazildi. Shu bilan birga yosh kadrlar yana ilmga qaytyapti.

O‘tgan davr mobaynida geologiya yuqorida ta'kidlangan ikki muhim narsani yo‘qotdi, balki texnologik jihatdan ham ortda qoldi, asbob-uskunalar eskirib qoldi. Sababi yana mablag‘ga borib taqaladi: maqsadli pul ajratilmadi. Bir kunlik ish bir hafta, ikki soatlik analizga kun bo‘yi vaqt sarlanadi. Hozirda bu yo‘nalishda ham 10 mlrd. so‘m ajratilmoqda.

Institut ilmiy salohiyati yetarli darajada, olinadigan natijalar dunyo talabiga javob beradigan holatda. Lekin qanday qiyin mehnat evaziga?! To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, biror narsa o‘tkazib beringlar, oylik berishimiz kerak, deb yurgan paytimiz bo‘lgan.

Institut dunyo miqyosida bir qancha yutuqlarga ham erishgan. 2018 yilda Oksfordda bo‘lgan sammitda «Eng yaxshi fan» va «Eng yaxshi innovatsiya» yo‘nalishlarida laureat bo‘ldi.

«Neft-gazdan bo‘shagan konlardan endilikda sanoat suvini olish mumkin»

Neft va gaz gidrogeologiyasi laboratoriyasi bosh mutaxassisi – geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor To‘ychi Shomurodov institutda neft va gazdan bo‘shagan konlardan yanada samarali foydalanish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, innovatsion loyihalar xususida ham aytib berdi.

– Neft, gaz va suv yer ostida doimo birgalikda uchraydi: buni fanda flyuida deb yuritiladi. Bu degani neft-gazning hosil bo‘lishidan boshlab, migratsiyasi, qayerdadir yig‘ilib qolishi yerosti suvlari harakati bilan bog‘liq.

Neft-gaz borligini bashorat qiladigan ba'zi bir gidrokimyoviy komponentlar borki, namunalarni olib kelib laboratoriyada qatlam suvlarini aniqlaganda, oldindan konga yaqin yoki uzoq ekanini bashorat qilish mumkin.

Qatlam suvlarini tahlil qilganimizda qatlam suvlar tarkibida bo‘ladigan erigan gazlar, organik moddalar bor. Masalan, benzol, finol, bitumli uglerod degan narsalar suv tarkibida bor. Xulosa qilinadiki, o‘sha yerda neft bo‘lgani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri suvning tarkibiga o‘tyapti. Yoki bo‘lmasa neft va gazga doimo yo‘ldosh bo‘ladigan mikrokomponentlar bor: yod, brom, bor. Bu dunyo miqyosida tan olingan, neft-gaz konlari bor joyga yaqin qatlam suvlarida albatta shu uchta mikrokomponentlar bo‘ladi.

Keyingi paytlarda yana qiziq bir narsa chiqyaptiki, qatlam suvlarida organik moddalar, suvda erigan gazlar, mikrokomponentlardan tashqari kamyob elementlar ham ko‘p uchramoqda. Xususan, litiy, rubidiy, siziy, tantal kabi 20ga yaqin kamyob element. Kondan neft yoki gazni chiqarib separatsiya qilib yana qayta konga tashlanayotgan suvni tarkibida shunday elementlar uchramoqda.

Biz shu bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligiga o‘zimizning loyihalarimizni berdik. Qatlam suvlari tarkibida yo‘ldosh qazilma boyliklari borligini aniqladik, endi ularni ishlab chiqarish, texnologiyalarini yaratish yuzasidan yangi ishlar qilmoqchimiz.

Neft-gazdan bo‘shagan konlardan endilikda sanoat suvini olish mumkin bo‘ladi, deya aytib o‘tdi professor To‘ychi Shomurodov.

Kun.uz muxbirlari: Yigitali Mahmudov,
Muhammadjon G‘aniyev

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid