O‘zbekiston | 20:05
505
4 daqiqa o‘qiladi

Prezidentga tog‘-kon sanoati va geologiyada raqamli texnologiyalarni joriy qilish rejalari taqdim etildi

Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, mamlakat iqtisodiyotida tog‘-kon sanoati va geologiya tarmog‘i muhim o‘rin tutadi. 2025 yilda jami sanoat mahsulotining 20 foizi ushbu soha korxonalari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ularning budjetga tushumlari 118,5 trillion so‘mni tashkil etdi.

Kelgusi besh yilda oltin zaxirasini qo‘shimcha 879 tonnaga, kumushni 510 tonnaga, misni 676 ming tonnaga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangani qayd etildi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari geologik ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, qazilma boyliklarni prognozlash, zaxiralarni aniq hisoblash va burg‘ilash ishlari samaradorligini oshirish imkonini beradi. Shu maqsadda geologiya-qidiruv jarayonlarining barcha bosqichlariga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Prezident buning uchun sohada texnologik transformatsiyani yangi bosqichga olib chiqish, ishlab chiqarish jarayonlarini sun’iy intellekt yordamida boshqarish va tahlil qilish tizimini shakllantirish zarurligini ta’kidladi.

Tog‘-kon sanoati va geologiyada xaritalar, qidiruv natijalari, burg‘ilash ma’lumotlari, laboratoriya tahlillari va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari kabi juda katta hajmdagi ma’lumotlar shakllanadi. Ularni yagona elektron bazaga jamlash, tezkor qidirish va 3D modellar orqali tahlil qilish yangi konlarni aniqlash imkoniyatini oshiradi.

Buning natijasida tannarxni 10 foizga kamaytirish, yangi konlarni ochish muddatini 2 karra qisqartirish, investorlarga taqdim etiladigan takliflar sonini 4 barobar oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taqdimotda 2030 yilgacha geologiya va tog‘-kon sanoatiga 30 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilish maqsad qilingani ta’kidlandi. Buning uchun, avvalo, investorlar talab qilayotgan sifatli va ishonchli raqamli ma’lumotlar bazasini shakllantirish zarur.

Shu munosabat bilan Geologik ma’lumotlar milliy bazasini yaratish taklif qilindi. Mazkur jarayonda “Texnologik transformatsiya markazi” tashkil etilib, mavjud 36 mingdan ortiq hisobotlar va birlamchi ma’lumotlar raqamli ko‘rinishga o‘tkaziladi. Natijada geologik ma’lumotlarni shakllantirish, konlarni modellash va zaxiralarni hisoblash jarayoni 2 karra tezlashadi.

Taqdimotda 2026-2030 yillarda geologiya sohasida hamda 6 ta yirik korxona – “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyuran”, “O‘zmetkombinat”, “O‘zbekko‘mir” hamda “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati”da sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha jami 44 ta loyihani amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi.

Ushbu loyihalar besh asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, korporativ boshqaruvni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, mehnat va sanoat xavfsizligini ta’minlash hamda kon-geologiya ishlarini raqamli transformatsiya qilish.

Loyihalarni amalga oshirish natijasida operatsion samaradorlik 7 foizga, texnika va uskunalar ishonchliligi 20 foizga, energiya samaradorligi esa 8 foizga oshishi kutilmoqda. Shuningdek, inson omili bilan bog‘liq xato va xavflar 15 foizga kamayishi mumkin.

Keyinchalik ushbu yechimlarni patentlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga tog‘-kon sanoati korxonalari biznes-rejalarini tuzishda ishlab chiqarish va mehnat resurslari samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlarni kiritish, texnologik va sun’iy intellekt loyihalari bo‘yicha alohida dasturlarni tasdiqlab borish topshirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid