Vazirlar Mahkamasining “Yer uchastkasining olib qo‘yilishi munosabati bilan olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarini, shu jumladan olib qo‘yilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni baholash tartibi haqida nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Belgilanishicha:

buziladigan ko‘chmas mulk obektlarini, shu jumladan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni baholash yer uchastkasini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilinishidan bevosita oldingi paytdagi, yoki yerning kelajakda olib qo‘yilishi haqidagi xabar uning qiymatiga ta'sir qilmaydigan paytdagi bozor qiymati asosida amalga oshiriladi;

buziladigan ko‘chmas mulk obektlarini baholash ko‘chmas mulk obektlarining kadastr yig‘majildi, kadastr pasporti va kadastr hujjatlari asosida amalga oshiriladi;

yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni baholash yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi;

buziladigan ko‘chmas mulk obektlarini, shuningdek, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni baholash buyurtmachisi faqat mulkdor yoki uning ishonchli vakili bo‘lishi mumkin. Bunda baholashni o‘tkazish uchun pullik to‘lov hokimlik yoki yer uchastkasining olib qo‘yilishi tashabbuskori bo‘lgan investor tomonidan qoplanishi kerak;

buziladigan ko‘chmas mulk obektini, shuningdek, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni baholash haqida hisobot tuzilgan sanadan boshlab olti oy mobaynida takroran baholashga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday tartibning buzilishi litsenziya talablari va baholash faoliyati shartlarini bir marotaba qo‘pol ravishda buzish deb hisoblanadi;

investor va mulkdor o‘rtasida kompensatsiya miqdori, turi va uni berish muddatlari yuzasidan kelishuv mavjud bo‘lgan taqdirda, ko‘chmas mulk obektlarini baholashni o‘tkazish talab etilmaydi;

buzilgan ko‘chmas mulk obektlari faqat sud qarori bo‘yicha baholanadi.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi ko‘chmas mulk obektlarini xatlovdan o‘tkazishni va ularning haqiqiy mavjudligidan kelib chiqqan holda ularga tegishli kadastr yig‘majildi, kadastr pasporti va kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishini, shuningdek, tegishli huquqni belgilovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta'minlaydi.