O‘zbekiston | 14:23 / 17.03.2020
6421
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlari birinchi rahbarlari faoliyatini baholashdagi bosh mezonlardan biri belgilanadi

O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash va davlat organlarida xalqaro reytinglar bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmi joriy qilinadi

Foto: Oleg Prasolov

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash va davlat organlarida xalqaro reytinglar bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekistonning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash – mutasaddi davlat organlari birinchi rahbarlarining faoliyatini baholashdagi bosh mezonlaridan biri etib belgilanadi.

Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) tasdiqlanadi.

Mutasaddi davlat organlari mazkur KPI’larga erishish bo‘yicha takliflari hamda 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritalarini o‘z ichiga olgan hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Prezident huzurida Xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha respublika Kengashi tashkil etiladi va uning tarkibi tasdiqlanadi.

Mutasaddi davlat organlarining birinchi rahbarlari har chorakda prezident huzurida o‘tkaziladigan Kengash yig‘ilishlarida tegishli xalqaro reyting va indekslarda KPI’larga erishish uchun amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida hisobot beradi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, xususiy sektorda raqobatni kuchaytirish va “Global raqobatbardoshlik” indeksida respublikaning o‘rnini aks ettirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.

Moliya va Adliya vazirliklari mos ravishda Kengashning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga oid xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha ishchi organlari etib tasdiqlanadi.

Adliya vazirligi tuzilmasida boshqaruv xodimlarining soni qo‘shimcha 8ta shtat birligidan iborat Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etiladi va yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirilishi ta'minlanadi.

Mutasaddi davlat organlari va tadqiqot institutlari tegishli xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda Kengash ishchi organlariga hisobdor etib belgilanadi.

Moliya vazirligi 2020 yil 1 avgustga qadar Internet tarmog‘ida “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portalini ishga tushiradi.

Kengash ishchi organlari portal faoliyatining uzluksiz ishlashini ta'minlash va uni yangilab borish uchun mas'ul etib belgilanadi.

Mutasaddi davlat organlari har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 15 sanasiga qadar Kengash ishchi organlariga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar, zarur statistik axborotlar va boshqa materiallar taqdim etilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid