O‘zbekiston | 07:51 / 18.03.2020
30041
7 daqiqa o‘qiladi

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi ma'lum bo‘ldi

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: Norma.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, soliq to‘lovchilarning soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash sohasidagi ayrim majburiyatlarini, shuningdek soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarilishini tekshirish sayyor soliq tekshiruvidir.

Sayyor soliq tekshiruvi chog‘ida hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi.

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida soliq organlari profilaktika tadbirlarini va xronometraj kuzatuvini amalga oshirishga, nazorat-kassa texnikasi va to‘lov terminallari qo‘llanilishini tekshirishga hamda soliq nazoratining boshqa tadbirlarini o‘tkazishga haqli.

Bunda, ushbu Nizomga asosan soliq nazoratining boshqa tadbirlari jumlasiga soliq solish obektlarini tekshirish va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda ishlovchi xodimlar soni monitoringini amalga oshirish, bozorlar, savdo komplekslari va ularga tutash bo‘lgan avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari faoliyatini tekshirish, faoliyatni ayrim turlarini amalga oshirish uchun litsenziya yoki ruxsat guvohnomalari mavjudligini tekshirish, shuningdek, tovar-moddiy qimmatliklar qoldiqlarini hamda ularni avtotransport vositalari orqali tashilishi qonuniyligini tekshirish kiradi.

Sayyor soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Buyruqda soliq to‘lovchining nomi, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, tekshiruvlarni o‘tkazish muddatlari va maqsadi ko‘rsatiladi.

Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslar, yashirilgan soliq solish obektlari, shuningdek, noqonuniy olib kirilgan tovarlar yetkazilishi, saqlanishi va realizatsiya qilinishi, yashirin sexlarni aniqlash yuzasidan soliq to‘lovchining nomini oldindan ko‘rsatish imkoni bo‘lmagan sayyor (reyd) tekshiruvlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqlarda soliq to‘lovchining nomi ko‘rsatilmaydi.

Sayyor soliq tekshiruvi o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi.

Sayyor soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha soliq organlari tomonidan soliqlar va yig‘imlarni hisoblash amalga oshirilmaydi.

Belgilangan tartibda o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha qonun buzilish holatlari aniqlangan taqdirda soliq organlari tomonidan qonunchilikka belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.

Sayyor soliq tekshiruvi quyidagi asoslar bo‘lganda o‘tkaziladi:

soliq auditi va kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq to‘lovchilardan qo‘shimcha ma'lumotlar va hujjatlarni olishga va (yoki) o‘rganishga ehtiyoj yuzaga kelganda;

jismoniy va yuridik shaxslardan soliq to‘lovchilar faoliyatida soliq qonunchiligi buzilishi holatlari to‘g‘risida murojaatlar kelib tushganda;

soliq to‘lovchilar yoki ularning ayrim toifalari faoliyatidagi qoidabuzarliklar to‘g‘risida ishonchli ma'lumotlar mavjud bo‘lganda.

Sayyor soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilgan sana ushbu tekshiruvni o‘tkazish muddatining boshlanishi deb hisoblanadi.

Sayyor soliq tekshiruvida soliq solish bilan bog‘liq ishlab chiqarish hududlari, omborlari, yuk transportlari, savdo binolari hamda boshqa binolar, shuningdek, soliq to‘lovchi tomonidan daromadlar olish uchun foydalanilayotgan yoki soliqqa tortish obektlarini saqlab turish bilan bog‘liq bo‘lgan joylar hamda tekshiruv jarayonlari videotasvirga va fotosuratga olinishi mumkin.

Sayyor soliq tekshiruvlari belgilangan tartibda videotasvirga olingan taqdirda tekshiruv jarayonida xolislar ishtiroki talab etilmaydi.

Soliq organlarining mansabdor shaxslari quyidagi huquqlarga ega:

soliq to‘lovchining sayyor soliq tekshiruviga taalluqli ma'lumotlari va hujjatlarini o‘rganish hamda ushbu hujjatlardan nusxa olish;

soliq to‘lovchi tomonidan buxgalteriya, tovarlar (xizmatlar) harakati hisobini yuritishda foydalanilayotgan dasturiy mahsullar, shuningdek, videokuzatuv moslamalari ma'lumotlaridan foydalanish va zarur hollarda ulardan elektron nusxa olish;

soliq to‘lovchi tomonidan ishlab chiqarish hududlari va turg‘un savdo shoxobchalarini, omborlar, yuk transportlari hamda boshqa binolarni, shuningdek, soliq to‘lovchi tomonidan daromad olish uchun foydalanilayotgan yoki soliqqa tortish obektlarini saqlab turish bilan bog‘liq bo‘lgan joylarni ko‘zdan kechirish, foto va video tasvirga olish;

mol-mulkni inventarizatsiya qilish;

tekshiruvga mutaxassislar, ekspertlar, tarjimon, xolislarni jalb etish hamda ulardan tegishli xulosalar, tarjimalar va ko‘rsatmalar olish;

ishlab chiqarilayotgan hamda realizatsiya qilinayotgan tovarlarning (xizmatlarning) haqiqiy hajmlarini aniqlash;

aholi bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga, shuningdek, nazorat-kassa texnikasi va to‘lov terminallarini qo‘llash tartibiga rioya etilishini tekshirish;

soliq to‘lovchi tomonidan soliq organlarining mansabdor shaxslarini hududiga yoki binoga (bundan turar joylar mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilinganda, soliq to‘lovchining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish choralarini ko‘rish;

tekshirilayotgan soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli hujjatlarga (axborotga) ega bo‘lgan kontragentdan yoki boshqa shaxslardan ushbu hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish.

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari quyidagilarga majbur:

soliq to‘lovchini yoki uning vakilini sayyor soliq tekshiruvni o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishtirish;

tadbirkorlik sub'yektining Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining elektron yoki qog‘oz shaklini to‘ldirish;

sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish vaqtida soliq to‘lovchilarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirish, o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bilan ularni tanishtirish.

Mavzuga oid