O‘zbekiston | 09:22 / 23.03.2020
7513
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish uchun 500 mln dollar ajratadi

Foto: Vitaliy Timkiv

Joriy yilning 20 mart kuni Vashingtonda Jahon bankining ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga «Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish uchun 500 million dollar ajratishni ma'qulladi. Bu haqda Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi xabar qildi.

Loyiha O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlarini modernizatsiyalash, amaliy tadqiqotlar o‘tkazish va mamlakat qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan ilg‘or ishlanmalarni joriy etishga yordam beradi.

Bundan tashqari, loyiha tadbirlari tufayli fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalari zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi, agrologik xizmatlar va biznesni rivojlantirish uchun uzoq muddatli kreditlar olish masalalari bo‘yicha turli maslahatlar oladi, shuningdek, biznes mahsuldorligini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifati va turlarini yaxshilaydi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ichki va tashqi bozorlarda ishtirokini oshiradi.

«O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning 30 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda jami ishchi kuchining 27 foizi yoki 3,6 millionga yaqin ishchilar band, barcha eksport daromadining esa 25 foizi ishlab chiqariladi», - dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid