O‘zbekiston | 08:32 / 23.03.2020
6319
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqaroligi masalalariga oid yangi axborot tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

2020 yil 10 sentyabrdan Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O‘zbekiston fuqaroligi masalalariga oid ma'lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan “E-Fuqaro” idoralararo axborot tizimi joriy etadi.

Belgilanishicha, “E-Fuqaro” IAT orqali:

fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqishni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni avtomatlashtirish;

fuqarolik masalalari bo‘yicha kelib tushgan arizalarni idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan manfaatdor vazirlik va idoralar o‘rtasida ko‘rib chiqish va tegishli xulosani shakllantirish;

fuqarolikka qabul qilish, uni tiklash, undan chiqish va uni yo‘qotish bo‘yicha yagona ma'lumotlar bazasini shakllantirish amalga oshiriladi.

Quyidagilar:

“E-Fuqaro” IAT orqali real vaqt rejimida ma'lumotlar bazasiga kiritiladigan davlat organlari va tashkilotlari hamda idoralararo o‘zaro elektron hamkorlik orqali ayirboshlanadigan ma'lumotlar ro‘yxati;

“E-Fuqaro” IATni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Ichki ishlar vazirligi “E-Fuqaro” IATning balansda saqlovchisi hisoblanadi;

“E-Fuqaro” IATni ishlab chiqish, kuzatib borish, ta'minlash va takomillashtirish, shuningdek keyinchalik qo‘llab-quvvatlash Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi;

“E-Fuqaro” IATni joriy qilish doirasida mas'ul vazirlik va idoralarning server qurilmalarini modernizatsiyalash hamda zamonaviy texnologik qurilmalar bilan ta'minlash har bir vazirlik va idoralar uchun budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

2020 yil 1 sentyabrga qadar davlat organlari va tashkilotlarining real vaqt rejimida ma'lumot almashinuvi prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKning idoralararo integratsion platformasi orqali amalga oshiriladi.

Ichki ishlar vazirligiga Davlat xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda doimiy ravishda idoralararo elektron hamkorlik vositasida almashinadigan ma'lumotlarni yangilab borish, olish va berishda foydalaniladigan axborot tizimlarini “E-Fuqaro” IAT bilan o‘zaro muvofiqlashtirish va nazorat qilish yuklatiladi.

Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

O‘zbekiston hududida 2020 yil 1 avgustga qadar bo‘lgan muddatda – fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan davlat boji to‘lovlarni davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlari summasi hisobini yurituvchi Yagona billing tizimi orqali amalga oshirilishi ta'minlaydi;

2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda – O‘zbekiston hududida fuqarolik masalalari bo‘yicha murojaatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali, xorijda doimiy istiqomat qilayotgan shaxslar tomonidan Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida joylashtirilgan interaktiv konsullik xizmati orqali dastlabki ariza yuborish mexanizmini shaxsan kelib murojaat qilishni istisno etmagan holda joriy qiladi.

O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish yoki fuqaroligidan chiqarish to‘g‘risida arizalar berish uchun undiriladigan davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

a) Ichki ishlar vazirligi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga o‘zi kelib murojaat etganda:

50 foizi – Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari hisob raqamiga;

qolgan mablag‘lar – Davlat budjeti hisobiga o‘tkaziladi;

v) YaIDXP orqali murojaat etilganda:

10 foizi – Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamg‘armasiga;

10 foizi – prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKning hisob raqamiga;

30 foizi – Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari hisob raqamiga;

qolgan mablag‘lar – Davlat budjeti hisobiga o‘tkaziladi.

Moliya vazirligi:

Ichki ishlar vazirligining asoslantirilgan hisob-kitoblari bo‘yicha loyihani amalga oshirish uchun davlat budjetidan zaruriy mablag‘larni ajratilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid