23:57 / 23.03.2020
21796

Xususiy taksilar narxi qanday nazorat qilinmoqda?

Taksilar narxlarini nazorat qilish maqsadida Transport vazirligi inspektorlari, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi xodimlari, shuningdek, Prokuratura mas'ullari ishtirokida maxsus ishchi guruhi joylarda tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Bu haqida AOKA qoshidagi maxsus shtabda o‘tgazilgan onlayn brifingdan so‘ng Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashirmatov ma'lum qildi.

Xususiy taksilarning narxi qanday nazorat qilinmoqda?

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda ham aynan mana shu mavzu atrofidagi savollar juda ko‘payib ketdi.

Aynan ko‘chadagi taksilar narxlarini nazorat qilish uchun Transport vazirligi inspektorlari, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi xodimlari, shuningdek, Prokuratura mas'ullari ishtirokida maxsus ishchi guruhi tuzilgan. Ular joylarda tushuntirish ishlari ham olib borishmoqda.

Xususan, viloyatlararo taksi qatnovlari amalga oshiriladigan turargohlarni har kuni vazirlik inspektorlari nazorat qilishmoqda.

Biroq ta'kidlab o‘tish kerakki, kunning birinchi yarmida taksilarning narxi nisbatan oshgani qayd etilgan. Lekin hozir mas'ullar nazorati yordamida narx-navo maqbul holatga keltirildi.

Xususiy taksilarni dezinfeksiya qilish va bu haqida ma'lumotnoma berish masalasi qanchalik shaffof?

Bugungi kunda Toshkent shahrida jamoat transporti harakati to‘xtalishi tufayli taksilarga bo‘lgan talab oshib ketdi. Va taksilar xizmatidan foydalanayotgan yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadida «Toshshahartrans xizmati» AJga tegishli 9 ta avtoparkda taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning transport vositalarini dezinfeksiyalash ishlari olib borilmoqda.

Fuqarolar xususiy taksida ishga xatarsiz yetib olishi uchun nimalarga e'tibor berishi zarur?

Eng birinchi navbatda, fuqarolarga litsenziyali taksi xizmatidan foydalanishni tavsiya qilamiz. Chunki litsenziyali taksilarning kunlik dizenfeksiya qilinishi bevosita nazoratga olingan.

Bundan tashqari, yo‘lovchilardan gigiyena qoidalariga rioya etishlarini ham so‘rab qolamiz.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top