O‘zbekiston | 07:36 / 25.03.2020
131389
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Muxtor Saidov vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi

Akademik Muxtor Saidov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi

Muxtor Safarbayevich Saidov

Fizik kimyo va yarimo‘tkazgichlar fizikasi sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Muxtor Safarbayevich Saidov shu yil 20 mart kuni 89 yoshida vafot etdi. Shavkat Mirziyoyev va hukumat a'zolari uning munosabati bilan ta'ziya bildirdi. 

M.Saidov 1930 yil 21 noyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mang‘it shahrida tug‘ildi. 1951 yilda Xorazm davlat pedagogika institutini tugatib, 1951-1954 yillarda Moskva davlat universiteti aspiranturasida tahsil oldi. 1954 yilda nomzodlik, 1970 yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. 1984 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi etib saylandi.

M.Saidov o‘z mehnat faoliyatini 1954 yili Xorazm davlat pedagogika institutida katta o‘qituvchi sifatida boshladi. Keyinchalik Samarqand davlat universitetida kafedra mudiri lavozimida ishladi. Mehnat faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, direktor o‘rinbosari, Elektronika institutining direktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidiumi Fizika-matematika bo‘limining akademik-kotibi, “O‘zgeliotexnika” markazi rahbari kabi mas'ul vazifalarda samarali xizmat qildi.

Zahmatkash olimning yarimo‘tkazgichlar texnologiyasi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligiga yaxshi ma'lum. Uning bir qator ilmiy ishlanmalari iqtisodiyot tarmoqlarida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelmoqda.

Jonkuyar ustoz, mohir pedagogning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Akademik M.Saidovning mamlakat ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib baholandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.

Mavzuga oid