O‘zbekiston | 17:02 / 26.03.2020
19780
3 daqiqa o‘qiladi

«Bosh konsulxona oldida to‘planib talablar qo‘yish masalani hal qilmaydi» - TIV Turkiyadagi fuqarolarga murojaat qildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, sabrli va matonatli bo‘lishga, tinchlik va osoyishtalikni saqlashga chaqirdi. 

Foto: KUN.UZ

Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati rahbari Avazbek Hojimetov Turkiya, xususan, Istanbul shahridagi vaziyat keskinligicha qolayotganini qayd etib, bugungi kunda Istanbuldagi Bosh konsulxona O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatini tuzib, uni TIVga yuborish ishlarini amalga oshirishini ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu ro‘yxat har kungi murojaatlar asosida yangilanib, to‘ldiriladi va vakolatli idoralarga, xususan Respublika maxsus komissiyasiga, Transport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga va milliy aviakompaniyaga yuboriladi. Ushbu idoralar hamkorlikda charter reyslarini amalga oshirish va tashkiliy masalalarni hal qiladi.

Istanbul shahridan 21 va 24 mart kunlari charter reyslari amalga oshirilgan hamda 500ga yaqin vatandosh O‘zbekistonga qaytarilgan. 

«Istanbuldagi Bosh konsulxona oldida to‘planib, diplomatlar vakolatiga kirmaydigan turli talablar qo‘yish (zudlik bilan charter reysini tashkillashtirish) bilan masalani hal qilib bo‘lmaydi, vaziyat tarangligicha qolaveradi», deya Avaz Hojimetovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
 
Istanbuldagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga +90 537 668 49 60 raqami orqali WhatsApp va Telegram messenjerlaridan foydalangan holda murojaatlarni yuborish mumkinligi eslatildi. Buning uchun murojaatdan tashqari, pasport va agar mavjud bo‘lsa aviachipta nusxasi yuborish talab etiladi. 

TIV Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga murojaat qilar ekan, biroz sabrli va matonatli bo‘lishga, tinchlik va osoyishtalikni saqlashga chaqirdi. 

«Bugungi og‘ir vaziyat nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda kuzatilmoqda. Hatto, yirik rivojlangan davlatlar ham falaj holiga kelib, muammoni hal qilishda katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Ba'zi davlatlar, o‘z fuqarolarini qabul qilishdan ham bosh tortmoqda. Shunga qaramay, xorijiy davlatlar fuqarolari vaziyatni to‘g‘ri baholab, o‘z hukumatlariga dastak bo‘lmoqda va ortiqcha muammo keltirib chiqarmaslikka harakat qilmoqda.

Mamlakatimiz ham albatta bu og‘ir damlardan o‘tib oladi. Biz buyuk ajdodlar avlodimiz, bundan ham qiyin va mashaqqatli damlarda g‘ururimizni, madaniyatimizni yo‘qotmasdan qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tgan xalqmiz. O‘zligimizni yo‘qotmasdan, sarosimaga tushmasdan, sabr va qanoat bilan vaziyatni idrok qilib, og‘ir bosiqlik bilan mavjud holatga yondashishga undaymiz», deydi TIV rasmiysi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid