Shuning uchun olimlar 14 kun davom etadigan karantinni oqilona deb hisoblaydi. Tadqiqot natijalari Annals of Internal Medicine jurnalida e'lon qilindi, deb xabar beradi RIA Novosti.

Olimlar yangi Covid-19 koronavirusining qanchalik yuqumli ekanligini hali to‘liq bilmaydi. Virus umuman biron bir alomat qayd etilmagan odamlar tomonidan yuqtirilganiga doir bir necha holatlar kuzatildi. Ammo, aksariyat hollarda, infeksiyaning tashuvchisi kasallikning birinchi alomatlari bo‘lganida, boshqalarga xavf tug‘dira boshlaydi. Kasallikning yuqishi va simptomlarning boshlanishi o‘rtasidagi vaqt inkubatsiya davri deb ataladi.

Uning davomiyligini bilish kasallik tarqalishiga qarshi kurash strategiyasini ishlab chiqish va samarali karantin muddatini aniqlash uchun juda muhimdir. Covid-19 uchun 14 kunlik karantin muddati yetarlicha uzoq emas va uni 19 yoki 24 kunga uzaytirish kerak, degan xavotirlar bor.

Jon Xopkins universiteti olimlari joriy yilning 24 fevraliga qadar Xitoyning Xubey provinsiyasidan tashqarida Covid-19’ning 181ta qayd etilgan holatini tahlil qildi. Mumkin bo‘lgan ta'sir qilish vaqti, simptomlarning boshlanishi, isitma va har bir holatning rasmiylar tomonidan aniqlanishi kabi parametrlarni hisobga olgan holda, mualliflar inkubatsiya davri uchun model yaratdi.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, Covid-19 uchun o‘rtacha inkubatsiya davri 5,1 kun. Bu shuni anglatadiki, ushbu vaqtga kelib, kasallik yuqtirganlarning yarmida alomatlar paydo bo‘ladi. Bemorlarning 2,5 foizidan kamrog‘ida kasallik dastlabki 2,2 kun ichida aniqlangan, 11,5 kundan keyin esa virus yuqtirganlarning 97,5 foizida o‘zini namoyon qiladi.

Shundan kelib chiqqan holda, mualliflar tavsiya etilgan 14 kunlik karantin davri samarali deb hisoblaydi.

«Umumiy ma'lumotlar bo‘yicha tahlilimizga ko‘ra, 14 kun davomida faol monitoring yoki karantin bo‘yicha mavjud tavsiyalar o‘rinli, - deydi Jons Xopkins universiteti qoshidagi Blumberg sog‘liqni saqlash maktabining epidemiologi, tadqiqot rahbari Jastin Lesser. - Garchi ushbu davr tufayli ba'zi holatlar uzoq muddatga ham qoldirib yuborilishi mumkin».

Modellashtirish natijalariga ko‘ra, 10 000 odamdan taxminan 101 kishida 14 kunlik karantindan keyin qo‘yib yuborilgandan so‘ng alomatlar paydo bo‘ladi. Bu barcha yuqtirilganlarning taxminan bir foiziga teng.

Olimlarning fikriga ko‘ra, Covid-19 uchun inkubatsiya davri atipik zotiljam qo‘zg‘atuvchi SARS-CoV bilan bir xil. 2013 yilda paydo bo‘lgan, Yaqin Sharq nafas olish sindromi deb ataluvchi MERS-CoV koronavirusi o‘rtacha besh kundan yetti kungacha inkubatsiya davriga ega.